Toshkentda "Mustaqillik – bebaho ne'mat, mas'uliyat va imkoniyat" mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi
Avgust 28, 2025. 19:04 • 4 daq
• 40
TOShKENT, 28-avgust. /"Dunyo" AA/. Bugun Toshkent shahrida "Mustaqillik – bebaho ne'mat, mas'uliyat va imkoniyat" respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Milliy markazi ma'lumotiga koʻra, anjuman markaz, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi hamkorligida tashkil etildi.
Oflayn va onlayn tarzda oʻtkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyada oliy yuridik ta'lim va ilmiy tashkilotlar vakillari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida yuridik fanlarni rivojlantirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi Ilmiy-muvofiqlashtiruvchi va Jamoatchilik kengashlari a'zolari ishtirok etdi.
Dastavval Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, akademik Akmal Saidov videomurojaat orqali konferensiya ishiga muvaffaqiyat tilar ekan, Yangi Oʻzbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ragʻbatlantirish, himoya qilish va ularga rioya etish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan hisoblanishini ta'kidladi. Oʻtgan yillar mobaynida mamlakatimizda milliy davlatchilik, qonun ustuvorligi va inson huquqlariga hurmat tamoyillarini ta'minlashning mustahkam poydevori barpo etildi.
Akademik Akmal Saidov qayd etganidek, dunyoga tobora ochilayotgan, jadal islohotlar yoʻlidan borayotgan Yangi Oʻzbekiston "davlat – xalq uchun" tamoyiliga qat'iy amal qilmoqda va global oʻzgarishlarning ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Bugungi kunda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini roʻyobga chiqarish, raqamli transformasiyani rivojlantirish, davlat xizmatlarini koʻrsatishda innovasion echimlarni joriy etish, davlat boshqaruvi institutlari samaradorligini tubdan oshirish boʻyicha ilgʻor xalqaro tajriba almashish har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Joriy yil mart oyida Bosh kotib "BMT-80" tashabbusini ishga tushirdi. Ayni tashabbus BMT faoliyatini tubdan oʻzgartirish – samaradorlikni oshirish imkoniyatlarini aniqlash, vakolatlarni bajarish tartibini qayta koʻrib chiqish va Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimidagi ehtimoliy tarkibiy oʻzgarishlar hamda dasturlarni qayta tuzishga qaratilgan.
Yangi Oʻzbekiston Bosh kotibning xalqaro tinchlik va barqarorlikni ta'minlash, BMT va uning asosiy institutlarini zamonaviy voqelikka moslashtirish maqsadida isloh qilish boʻyicha tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlamoqda. Soʻnggi yillarda BMT bilan hamkorlik misli koʻrilmagan darajaga koʻtarilib, 160 ta qoʻshma dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Joriy yilning oʻzida Tashkilotning asosiy tuzilmalari va institutlari, jumladan, BMT-Xabitat va YuNISEF rahbarlari Oʻzbekistonga tashrif buyurdi, Toshkentda "BMT-Ayollar" tuzilmasining vakolatxonasi ochildi.
Inson huquqlari – zamonaviy sivilizasiya taraqqiyoti darajasini koʻrsatib turuvchi mezondir. Bugungi kunda dunyoning 80 ta mamlakatida inson huquqlari sohasida 150 dan ortiq milliy reja (strategiya) qabul qilingan.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi 2020-yilda qabul qilingan boʻlib, bu sohadagi ilk hujjat hisoblanadi. Milliy strategiyani amalga oshirish doirasida soʻnggi toʻrt yil ichida inson huquqlarini himoya qilishga bevosita aloqador ikkita kodeks, oʻttiz uchta qonun, oʻn beshta farmon va Vazirlar Mahkamasining oʻn bitta qarori qabul qilindi.
Oʻz navbatida, "Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili" Davlat dasturi doirasida 2030-yilgacha moʻljallangan Inson huquqlari boʻyicha yangi Milliy strategiya loyihasi ishlab chiqildi. Oltita ustuvor yoʻnalishni qamrab olgan ushbu Milliy strategiya loyihasini tayyorlashda ilgʻor xalqaro tajriba, Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari, shuningdek, oʻtgan davr mobaynida shakllangan milliy amaliyot inobatga olindi.
Milliy maslahatlashuvlar doirasida Milliy strategiya loyihasi vazirlik va idoralar, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy-ta'lim muassasalari vakillari ishtirokida muhokama etildi. Shuningdek, Milliy strategiya loyihasi xalqaro maslahatlashuvlar jarayonida diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan birga koʻrib chiqildi hamda BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi, EXHT va BMTning Oʻzbekistondagi mamlakat jamoasidan tavsiyalar olindi.
Ilmiy-amaliy konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi boshligʻi, yuridik fanlar doktori, professor Muzaffarjon Mamasiddiqov hamda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor Murodjon Turgʻunov soʻzga chiqdi. Ma'ruzachilar tomonidan asosiy e'tibor Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz toʻrt yilligi munosabati bilan mustaqillik yuksak imkoniyat, ayni paytda mas'uliyat ekanligini va uning ahamiyatini jamoatchilikka etkazishga qaratildi.
Shuningdek, bir qator etakchi huquqshunoslarning mustaqillik yillarida milliy davlatchilik va huquq tarixini oʻrganish borasidagi erishilgan yutuqlar va oʻz tadqiqotchilarini kutayotgan muammolar tahliliga bagʻishlangan dolzarb ma'ruzalari tinglandi.
Konferensiya yakunida mustaqillikni qadrlash, istiqlol sabab erishilgan va erishilajak yutuqlar hamda imkoniyatlar haqida fikr almashilib, ushbu natijalarni ilmiy negizda tadqiq va targʻib etish yuzasidan tegishli taklif-tavsiyalar ishlab chiqildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O'zbekiston mustaqilligining 34 yilligi Xitoyda keng nishonlandi
Hindiston poytaxtida O'zbekiston mustaqilligining 34 yilligi keng nishonlandi