O'zbekiston mustaqilligining 34 yilligi "Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!" shiori ostida o'tkaziladi
Iyul 13, 2025. 14:22 • 2 daq
• 507
TOSHKENT, 14-iyul. /"Dunyo" AA/. Davlatimiz rahbarining "O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o'ttiz to'rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish to'g'risida" gi qarori qabul qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Prezident qaroriga muvofiq, 2025-yilda Mustaqillik bayrami Yangi O'zbekistonning taraqqiyot darajasi, jahon maydonidagi obro'-e'tiboriga har tomonlama munosib tarzda, yuksak saviyada nishonlanadi. Mustaqillikning 34 yilligiga bag'ishlangan bayram tadbirlari esa "Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!" degan g'oyani o'zida mujassam etgan holda o'tkaziladi.
Bayram Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, barcha shahar hamda tumanlar, qishloq va ovullarda munosib nishonlanishi ta'minlanadi. Shuningdek, bayramga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish bo'yicha respublika komissiyasi tuziladi.
Joylarda Mustaqillik bayramining yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini ta'minlash borasidagi ahamiyatiga bag'ishlangan ma'naviy-ma'rifiy anjumanlar, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, milliy kino kunlari, umumxalq sayillari, madaniyat va sport tadbirlari o'tkaziladi. Ularni samarali o'tkazish maqsadida taniqli ilm-fan namoyandalari, ijodkorlar, madaniyat va san'at arboblari, sportchilar, jamoatchilik vakillaridan iborat targ'ibot guruhlarini tashkil etiladi.
Hujjatda "Yoshlar – Yangi O'zbekiston bunyodkorlari" degan shior ostida navqiron avlodimizning zamonaviy bilim va kasb-hunarlar, ona tili bilan birga xorijiy tillarni, IT texnologiyalarini egallashlari, tadbirkorlik bilan shug'ullanishlari, iste'dod va qobiliyatini ro'yobga chiqarishlari uchun har tomonlama qulay shart-sharoit yaratib berilayotgani, bunga javoban o'g'il-qizlarimiz turli sohalarda dastlabki quvonchli yutuqlarga erishayotganlari haqidagi tadbir o'tkazilishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, "Armiya va xalq – bir tanu bir jondir!" degan shior asosida Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini oshirish, mard va jasur askar va ofitserlarimizning jismoniy, ma'naviy-ruhiy tayyorgarligini yuksaltirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi ishlar keng targ'ib qilinadi.
Qarorda ta'kidlanishicha, Madaniyat vazirligi Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda bir hafta muddatda Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bag'ishlab o'tkaziladigan asosiy bayram tadbirining dasturi va ssenariysini ishlab chiqadi hamda uni yuksak g'oyaviy-badiiy saviyada tayyorlash choralarini ko'radi.
Bundan tashqari, "Ona diyor – ranglar jilosida", "Vatan uchun yashaylik!", "Eng ulug', eng aziz" kabi an'anaviy ko'rik-tanlovlar o'tkazish belgilandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O'zbekiston mustaqilligining 34 yilligi Xitoyda keng nishonlandi
Hindiston poytaxtida O'zbekiston mustaqilligining 34 yilligi keng nishonlandi