Qirg‘izistonda O‘zbekiston–Portugaliya o‘yini arafasida o‘zbek futboliga bag‘ishlangan film namoyish etiladi
Iyun 23, 2026. 19:00 • 2 daq
• 94
BISHKЕK, 23-iyun. /“Dunyo” AA/. Bugun ham yurtimizda katta futbol bayrami davom etadi: Jahon chempionati doirasida soat 22:00da boshlanadigan O‘zbekiston–Portugaliya o‘yinini nafaqat yurtimiz, balki butun Markaziy Osiyo xalqlari intizorlik bilan kutmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimizning Qirg‘izistondagi elchixonasi diplomatlari ham O‘zbekiston milliy futbolini keng targ‘ib etish maqsadida turli sa’y-harakat va loyihalarni amalga oshirmoqda.
Xususan, elchixona vakillari tomonidan futbol bo‘yicha milliy terma jamoamizning rivojlanishi, xalqaro maydondagi yutuqlari hamda ilk bor jahon chempionatidagi ishtirokiga bag‘ishlangan “O‘zbek futboli: orzu, sabr va g‘urur tarixi” nomli hujjatli film tayyorlandi. Ushbu film bugun O‘zbekiston–Portugaliya o‘yini arafasida Qirg‘iziston Milliy teleradiokompaniyasi orqali efirga uzatiladi.
Mazkur hujjatli film 24-iyun soat 13:20da hamda 27-iyun kuni soat 19:00da Qirg‘izistonning TV-15 xalqaro telekanalida ham namoyish qilinishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, ushbu film Qirg‘izistondagi o‘zbek milliy madaniy markazlarida hamda keng mahalliy jamoatchilik orasida ham taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, jahon chempionatining 1-tur bahslarida O‘zbekiston Kolumbiyaga 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa, Portugaliya va Kongo terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin 1:1 hisobida durang natija bilan yakunlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi