Katta Manchester meri Buyuk Britaniya Bosh vaziri lavozimiga asosiy da’vogar sifatida ko‘rilmoqda

Iyun 23, 2026. 19:16 • 3 daq

17
Katta Manchester meri Buyuk Britaniya Bosh vaziri lavozimiga asosiy da’vogar sifatida ko‘rilmoqda
“AFP” agentligi surati

LONDON, 23-iyun. /“Dunyo” AA/. Katta Manchester meri Endi Byornem Kir Starmer iste’foga chiqishini e’lon qilganidan so‘ng, Leyboristlar partiyasi yetakchisi va Buyuk Britaniya Bosh vaziri lavozimiga asosiy da’vogarga aylandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “The Guardian” nashriga tayanib.

Eslatib o‘tamiz, Kir Starmer ikki yil hokimiyatda bo‘lganidan so‘ng yaqin haftalarda o‘z lavozimini tark etish niyatini ma’lum qilgan edi. Uning bu qarori hukumat obro‘sining tushib ketishi va partiya ichidagi bosimning ortishi fonida qabul qilindi.

Ilgari Britaniya hukumatida vazirlik lavozimlarida ishlagan Endi Byornem o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari saylovlarda Jamoalar palatasiga saylandi. U Leyboristlar partiyasi rahbariyati uchun kurashish niyatini ochiq e’lon qilgan.

Siyosatchining mavqei uning asosiy raqibi sanalgan sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Ues Striting o‘z nomzodini qo‘llab-quvvatlashini e’lon qilganidan keyin yana-da mustahkamlandi.

Qoidalarga ko‘ra, partiya yetakchisi lavozimiga nomzodlar ko‘rsatish 9-iyulda boshlanib, bir haftadan so‘ng yakunlanadi. Agar Endi Byornem yagona nomzod bo‘lib qolsa, u 17-iyulgacha hukumatni boshqarishi mumkin. Partiya ichida saylov o‘tkazilgan taqdirda esa, yangi yetakchi parlament yozgi ta’tildan so‘ng, ya’ni 1-sentyabrda ish boshlaguniga qadar aniqlanishi kerak.

55 yoshli Endi Byornem Katta Manchester meri lavozimida ishlab, keng shuhrat qozongan. U bu yerda hududni rivojlantirish bo‘yicha yirik loyihalarga rahbarlik qilgan. Siyosatchi o‘zining “manchesterizm” deb nom olgan boshqaruv yondashuvini butun mamlakatga yoyish niyatida ekanini bildirmoqda. U avvalroq Sog‘liqni saqlash vaziri, Madaniyat, ommaviy axborot vositalari va sport vaziri hamda G‘aznachilik bosh kotibi lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Leyboristlar partiyasining ko‘plab a’zolari Endi Byornemning yetakchilik qobiliyati va muloqot mahorati partiyaga saylovchilarning qo‘llab-quvvatlashini qayta tiklashga yordam beradi, deb hisoblaydi. Shu bilan birga, bir qator deputatlar uning ko‘plab asosiy masalalar, jumladan, iqtisodiy siyosat borasidagi qarashlari hozircha yetarlicha ma’lum emasligini ta’kidlamoqda.

Kelasi hafta siyosatchi o‘z iqtisodiy dasturining asosiy qoidalarini taqdim etishi kutilmoqda.

Ta’kidlash joizki, leyboristlar mashhurligi pasayib borayotgan bir paytda, partiya liberal elektoratning bir qismini “Yashillar”ga boy bermoqda. Ayni vaqtda bir qator umummilliy ijtimoiy so‘rovlarda peshqadamlik qilayotgan Nayjel Faraj boshchiligidagi “Reform UK” partiyasini qo‘llab-quvvatlash kuchayib bormoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish