Rossiya matbuoti O‘zbekistonda Ikkinchi jahon urushining eng keksa faxriysi vafot etgani haqida xabar bermoqda

Iyun 23, 2026. 19:12 • 2 daq

13

MOSKVA, 23-iyun. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning “Kommersant”, “RBK”, “RIA Novosti”, “Argumenti i fakti”, “Regnum” kabi yirik ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining eng keksasi Ro‘ziboy Sattorovning vafoti haqida materiallar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xabarlarda qayd etilishicha, Ro‘ziboy Sattorov 116 yoshida Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida vafot etgan. U O‘zbekistonda Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilarining eng yoshi ulug‘i sifatida e’tirof etilgan.

Ro‘ziboy Sattorov Stalingrad frontida o‘qchi (snayper) sifatida xizmat qilgan. Uning hayoti nafaqat frontdagi xizmat, balki urushdan keyingi uzoq yillik xotira va mehnat faoliyati bilan ham ahamiyatli ekani ta’kidlanadi.

Materiallarda O‘zbekistonning Ikkinchi jahon urushidagi ishtirokiga oid umumiy statistik ma’lumotlar ham keltirilgan. Jumladan, Ikkinchi jahon urushi paytida 6,8 million aholisi bo‘lgan O‘zbekistondan jami 2 millionga yaqin kishi urushga ketgan. Ularning 748 mingdan ortig‘i halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan. Qashqadaryo viloyatidan esa 47 mingdan ziyod inson urushga ketgan bo‘lib, ularning taxminan 22 mingigina uyiga qaytgan.

Shuningdek, urush yillarida O‘zbekiston front ortida muhim tayanch bazalardan biri bo‘lgani, bu yerga 1,5 millionga yaqin evakuatsiya qilingan aholi, jumladan 250 mingga yaqin yetim bolalar qabul qilingani alohida ta’kidlangan. Viloyatlardan frontga oziq-ovqat, kiyim-kechak va harbiy ehtiyojlar uchun zarur mahsulotlar uzluksiz yuborib turilgan.

Manbalarda Ro‘ziboy Sattorovning Prezident topshirig‘iga binoan, 2025-yilda Mudofaa vazirligining Harbiy havo kuchlariga qarashli samolyotda parvoz qilgani ham esga olingan. Bu uning uzoq umr va front xotiralari bilan bog‘liq orzularidan birining amalga oshirilishi sifatida qayd etilgan.

Rossiya ommaviy axborot vositalarida chop etilgan materiallarda Ro‘ziboy Sattorovning hayoti Ikkinchi jahon urushi tarixi hamda O‘zbekiston xalqining front va front ortidagi fidokorona ishtiroki bilan uzviy bog‘liq holda yoritilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish