Logo

Varshavadan tabrik: O'zbekiston bugun nafaqat Markaziy Osiyoning yetakchi davlati, balki butun mintaqa uchun siyosiy va diplomatik jihatdan muhim o'rin egallagan mamlakatga aylandi

Avgust 28, 2025. 12:31 • 3 daq

50
Varshavadan tabrik: O'zbekiston bugun nafaqat Markaziy Osiyoning yetakchi davlati, balki butun mintaqa uchun siyosiy va diplomatik jihatdan muhim o'rin egallagan mamlakatga aylandi

VARSHAVA, 28-avgust. /"Dunyo" AA/. "Polsha – Osiyo savdo-sanoat palatasi" prezidenti, Polshaning sobiq iqtisodiyot vaziri va Bosh vazirning o'rinbosari Yanush Pexochinskiy "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston davlat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan mamlakatimiz xalqiga o'zining bayram qulovlarini yo'lladi:

– Menda va Polsha xalqida O'zbekiston haqida juda yaxshi ma'lumotlar mavjud. Chunki O'zbekiston bugun nafaqat Markaziy Osiyoning yetakchi davlati, balki butun mintaqa uchun siyosiy va diplomatik jihatdan muhim o'rin egallagan mamlakatdir. Buning ustiga iqtisodiy o'sish sohasidagi muvaffaqiyatlari e'tiborga loyiq. O'zbekiston iqtisodiyotining o'sish sur'ati jahon bo'yicha o'rtacha ko'rsatkichdan uch barobar yuqori. Bu esa xalqaro vaziyat murakkab bo'lgan, savdo va iqtisodiy aloqalarda qiyinchiliklar bo'lgan bir paytda yuz bermoqda.

Bu shubhasiz, O'zbekiston rahbariyati to'g'ri va samarali qadamlar qo'yayotganini ko'rsatmoqda. Shu bilan bir qatorda, Yevropa Ittifoqi bilan Samarqanddagi sammit, AQSh, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Ozarbayjon va davlatlar rahbarlari bilan uchrashuvlar, O'zbekistonning xalqaro maydondagi roli oshib borayotganini tasdiqlaydi.

O'zbekiston bugun Xitoy, Osiyo, Rossiya va Yevropa o'rtasidagi muhim logistika markaziga aylanmoqda. Bu faqat sarmoyalar emas, balki muhim infratuzilmaviy loyihalar hamdir. Jumladan, Shimoliy Pokiston orqali Afg'onistondan Markaziy Osiyoga, keyin esa Yevropaga olib boradigan tranzit yo'nalishlar borasidagi tashabbuslarni misol tariqasida aytish mumkin.

O'zbekiston o'z mahsulotlarini Transkaspiy yo'lagi orqali eksport qilishni jadallashtirish uchun zamonaviy yuk kemalarini xarid qilmoqda. Turkiy davlatlar sammiti ham shu nuqtai nazardan alohida ahamiyatga ega.

Prezident Shavkat Mirziyoyev juda faol, tashabbuskor va zamonaviy siyosiy yetakchi. U nafaqat O'zbekiston, balki butun mintaqa uchun muhim shaxsdir. Davlatingiz rahbari sa'y-harakatlari bilan mamlakatda iqtisodiy o'sish barqarorlashmoqda, inflyatsiya darajasi pasaymoqda, ishbilarmonlik muhiti yaxshilanmoqda. Bu o'z navbatida xorijiy investorlarning qiziqishini orttirmoqda. 2025-yilning birinchi yarmida to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar hajmi 18 milliard dollardan oshgani ham shundan dalolat beradi. 10–12-iyun kunlari Toshkentda o'tkazilgan

 IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida jahon iqtisodiy yetakchilari yig'ildi va energetika, transport, mahalliy xomashyoni qayta ishlash sohasidagi yangi imkoniyatlar muhokama qilindi.

O'zbekistonning xalqaro savdo ko'rsatkichlari o'sib bormoqda: faqat paxta va to'qimachilik mahsulotlari emas, balki yangi metall va xomashyo resurslari, jumladan, oltin bozoridagi ishtiroki ham ortmoqda. Eng muhimi, xizmatlar sohasi, IT sohasi, axborot texnologiyalari, avtomobilsozlik va quyosh hamda gidroenergetika yo'nalishlari jadal rivojlanmoqda.

Endi esa O'zbekiston atom energetikasi sohasiga kirishni rejalashtirmoqda — bu mamlakat rahbariyatining uzoqni ko'zlagan, xavfsiz va barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta'minlash yo'lidagi qadamidir. Bu yangi bozorlarga chiqish va xalqaro kapital jalb qilish imkoniyatlarini ochadi.

Mana shu o'sishning asosiy omili — O'zbekiston rahbariyatining doimiy islohotlari, biznesga yaratilgan imkoniyatlar va o'zbek xalqidagi faol mentalitetdir.

Polsha va Markaziy Osiyo, ayniqsa O'zbekiston bilan aloqalarimizda katta salohiyat bor. Polsha — Yevropa Ittifoqiga chiqishda O'zbekiston uchun qulay hab bo'la oladi. O'zbekistonning eksporti, yuk tashish salohiyati, "Ipak yo'li" doirasidagi aloqalari shuni ko'rsatadi. Bu yo'l faqat Xitoy mahsulotlari uchun emas, balki Markaziy Osiyo, birinchi navbatda, O'zbekiston mahsulotlari uchun ham ochiqdir.

Shuning uchun men 2025-yilning ikkinchi yarmiga kata ishonch bilan qarayman. Biz do'stona munosabatlarimizni yanada mustahkamlash va O'zbekiston fuqarolarining Polsha sanoatida ishlash imkoniyatlarini kengaytirish ustida ishlayapmiz.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish