Fransiyadan munosabat: Samarqandda o'tgan O'zbekiston-Iordaniya sammiti ikki davlat o'rtasidagi samarali hamkorlikka barqaror sur'at bag'ishlaydi
Avgust 28, 2025. 10:16 • 2 daq
• 47
PARIJ, 28-avgust. /"Dunyo" AA/. Yevropada prognozlash va xavfsizlik instituti eksperti, O'zbekiston bo'yicha mutaxassis Jan-Antuan Dyupra (Fransiya) "Dunyo" AA uchun intervyusida Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning 25-26-avgust kunlari O'zbekistonga buyurgan davlat tashrifi yakunlarini izohladi:

– Iordaniya Podshohining O'zbekistonga davlat tashrifi ikki mamlakat rahbarlari o'rtasida o'tgan yillarda o'rnatilgan yaqin munosabatlarni davom ettiruvchi muhim voqea bo'ldi. Tashrif rasmiy dasturining asosiy tadbirlari jahonning tarixiy durdonasi – afsonaviy Samarqandda bo'lib o'tdi.
Muzokaralarda xalqaro va mintaqaviy siyosat, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Ikki tomonlama kelishuvlar, xususan, kimyo, farmatsevtika, qishloq xo'jaligi, to'qimachilik, tog'-kon sanoati, shuningdek, madaniy-gumanitar almashinuvlar sohasida sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan. Bu turli darajadagi keng ko'lamli dastlabki ishlar natijasi edi. 2025 yil fevral oyida O'zbekiston va Iordaniya Savdo-sanoat palatalari Ammanda savdo aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan anglashuv memorandumini imzoladilar. Mazkur hujjat biznes missiyalari va tadbirlarini tashkil etish, seminarlar o'tkazish, kichik va o'rta biznesni qo'llab-quvvatlash, shuningdek, savdo va investitsiya qonunchiligi bo'yicha axborot almashishni nazarda tutadi. Ikki davlat o'rtasida tashkil etilayotgan Ishbilarmonlar kengashi sarmoyaviy imkoniyatlarni rivojlantirishga qaratilgan.
Joriy avgust oyida Ammanda ikki mamlakat investitsiya, sanoat va savdo vazirlari boshchiligidagi delegatsiyalarning uchrashuvi bo'lib o'tdi. Unda sog'liqni saqlash, to'qimachilik, axborot texnologiyalari, tog'-kon sanoati, qishloq xo'jaligi xom ashyosi va davlat-xususiy sheriklik kabi sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirishning istiqbolli tarmoqlari belgilab olindi.
Transport sohasida 2022-yil dekabr oyidan boshlab yo'lga qo'yilgan Amman va Toshkent shaharlari o'rtasidagi charter reyslari xizmat safarlari va savdo missiyalarini osonlashtirmoqda. 2024-yil oktyabr oyida Kuala-Lumpurda bo'lib o'tgan forumda ikki davlat aviatsiya ma'muriyati mamlakatlar o'rtasida parvozlarni amalga oshiruvchi aviakompaniyalar soniga qo'yilgan cheklovlarni bekor qilish to'g'risidagi bitimni imzolagan edi. Bu esa to'g'ridan-to'g'ri reyslar va turizm sohasidagi hamkorlikni, xususan, diniy turizm segmentini rivojlantirishga yo'l ochdi.
Ko'rilgan chora-tadbirlar natijasida 2024-yilda Iordaniya va O'zbekiston o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 4,6 million dollarni tashkil etdi. O'zbekiston Iordaniyaga mis, quritilgan mevalar, to'qimachilik mahsulotlarini eksport qiladi, Iordaniya O'zbekistonga farmatsevtika mahsulotlari, asbob-uskunalar va kimyo mahsulotlari yetkazib beradi.
Ishonchim komilki, Samarqand shahrida bo'lib o'tgan O'zbekiston-Iordaniya oliy darajadagi uchrashuvi ikki davlat o'rtasidagi samarali hamkorlikka yangi barqaror sur'at bag'ishlaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O'zbekiston mustaqilligining 34 yilligi Xitoyda keng nishonlandi
Hindiston poytaxtida O'zbekiston mustaqilligining 34 yilligi keng nishonlandi