Logo

Kobuldan munosabat: O'zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy hamkorligi markazi va ko'p tomonlama diplomatiya maydoniga aylandi

Iyul 26, 2025. 10:30 • 2 daq

70
Kobuldan munosabat: O'zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy hamkorligi markazi va ko'p tomonlama diplomatiya maydoniga aylandi

KOBUL, 26-iyul. "Dunyo" AA/. Afg'oniston Savdo va investitsiyalar palatasi raisining o'rinbosari Xon Jon Alkozay O'zbekiston mustaqilligining 34 yilligi arafasida "Dunyo" AA uchun bergan intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning samarali natijalari haqidagi fikrlarini bildirdi:

– So'nggi yillarda O'zbekistonning tashqi siyosati tubdan o'zgardi. Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro munosabatlarda ochiq, do'stona va amaliy yondashuv orqali mamlakatning yangi qiyofasini dunyoga namoyish etdi.

Qozog'iston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg'oniston va Qirg'iziston kabi qo'shni davlatlar bilan aloqalar yaxshilandi va O'zbekiston Markaziy Osiyoda faol va mas'uliyatli ishtirokchi sifatida e'tirof etildi. Bu siyosat natijasida 90 dan ortiq davlat, jumladan Yevropa Ittifoqi uchun soddalashtirilgan viza tartibi joriy etildi, bu esa turizmning o'sishiga xizmat qilyapti.

Shuningdek, O'zbekiston mintaqaviy sammitlarga mezbonlik qilgan holda, Markaziy Osiyoda iqtisodiy o'sish va xavfsizlikni ta'minlamoqda. Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bilan yaqin aloqalar jadallashdi. Respublikada biznes muhiti yaxshilandi – byurokratiya qisqartirilyapti, valyuta bozori liberallashtirildi va xususiylashtirish jadal sur'atlar bilan davom etayapti.

Afg'oniston O'zbekiston uchun bevosita iqtisodiy imkoniyat manbai hisoblanadi. Bu siyosatning muvaffaqiyati Afg'onistondagi barqarorlikka bog'liq. O'zbekistonning oziq-ovqat, qurilish materiallari, mashinasozlik mahsulotlari Afg'onistonga eksport qilinmoqda.

Shuningdek, O'zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda katta qadamlar tashlamoqda. Bu muvaffaqiyatlarga xalqaro tashkilotlar va davlatlar bilan hamkorlik natijasida erishilyapti.

Bugungi kunda O'zbekiston ichki barqarorlik, iqtisodiy o'sish va xavfsizlik borasida ham ijobiy ko'rsatkichlarga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirdi va Markaziy Osiyoda murosaga asoslangan yondashuvni ilgari surdi.

O'zbekiston Prezidenti iqtisodiy taraqqiyotsiz mintaqaviy tinchlik bo'lmasligini isbotladi. Uning rahnamoligida O'zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy hamkorligi markaziga, ko'p tomonlama diplomatiya maydoniga va geosiyosiy kuchlar o'rtasida muvozanat yaratish modeliga aylandi.

Bundan tashqari, O'zbekiston Prezidenti xalqaro minbarlardan turib ko'plab muhim tashabbuslarni ilgari suryapti. Bu takliflar – barqaror taraqqiyot, suv xavfsizligi, iqlim o'zgarishi, mintaqaviy iqtisodiy integratsiya va madaniy yaqinlikni rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish