Logo

"Tatlerasia": Singapurlik jurnalist Xiva shahrida o'z biznesini yo'lga qo'ydi

Iyun 16, 2025. 12:45 • 2 daq

64
"Tatlerasia": Singapurlik jurnalist Xiva shahrida o'z biznesini yo'lga qo'ydi

SINGAPUR, 13-iyun. /"Dunyo" AA/. Singapurning "Tatlerasia" elektron nashrida singapurlik xalqaro telejurnalist Timoti Goning Xiva shahridagi faoliyatiga bag'ishlangan maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"O'zbekistonga dastlab ijodiy safar bilan buyurgan xalqaro telejurnalist Timoti Go Xiva shahrida o'zining biznesini tashkil qildi, – deyilgan maqolada. – Kasbiy yo'nalishini o'zgartirgan jurnalist mahalliy hamkori Muhammadali bilan birgalikda "Bankir Khiva" butik mehmonxonasini ochdi".

Ma'lum qilinishicha, Timoti Go 2018 yilda ilk bor O'zbekistonga borganida mamlakatning go'zal tabiati, tarixiy obidalari va mehmondo'st xalqi uni hayratga solgan. Xususan, Xivadagi tor ko'chalar, qadimiy binolar va tinch muhit uni o'ziga rom etgan.

"Bugungi kunda u Xivaning sayyohlik imkoniyatlarini jahon miqyosida keng targ'ib etmoqda. Ichan-Qal'aning betakror manzaralari, oy nurida yana-da go'zal tus oluvchi kechki sayrlari sayyohlar uchun alohida qiziqish uyg'otadi. Yangiariq qishlog'idagi keramika ustaxonalari, aprel oyidagi "Lazgi" xalqaro raqs festivali va Qovun sayli kabi an'anaviy tadbirlar esa shaharga yana-da o'ziga xos joziba baxsh etmoqda", – deya urg'ulangan nashrda.

Maqolada Timoti Goning Xiva haqidagi quyidagi so'zlari keltirilgan: "Xiva aholisi mehmonlarga nisbatan ochiq va do'stona munosabatda bo'ladi. Yoshlar esa ingliz tilida suhbatlashish orqali o'z bilimini oshirishga intilmoqda. Shu orqali ular ko'plab yangidan-yangi tanishlar orttiradilar".

Qayd etilishicha,"Bankir Khiva" mehmonxonasida turli mamlakatlardan kelgan nufuzli shaxslar — yirik kompaniya rahbarlari, Forbes ro'yxatidagi biznesmenlar, xalqaro muzeylar rahbarlari va boshqa mashhur mehmonlar qabul qilmoqda.

"Timoti Go mazkur tashabbusi O'zbekiston turizm sohasini rivojlantirish, mamlakatning madaniy merosini dunyo jamoatchiligiga tanitish va xorijiy sarmoyalarni jalb etishda muhim ahamiyat kasb etayapti", – deb yozgan "Tatlerasia".

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish