Logo

Junaid Altaf: Maqsadimiz – Buyuk Ipak yo'lini qayta tiklash va tarixiy aloqalarni iqtisodiy sheriklikka aylantirish

Noyabr 11, 2025. 17:09 • 2 daq

221
Junaid Altaf: Maqsadimiz – Buyuk Ipak yo'lini qayta tiklash va tarixiy aloqalarni iqtisodiy sheriklikka aylantirish

TOSHKENT, 11-noyabr. /"Dunyo" AA/. Pokistonning Xayber-Paxtunxva shtati Peshovar shahri Carhad savdo-sanoat palatasi prezidenti Junaid Altaf "Dunyo" AA uchun intervyusida Toshkentda bo'lib o'tgan O'zbekiston–Pokiston biznes konferensiyasi hamda "36th RCCI International Achievement Awards" mukofotlarni tantanali topshirish marosimi haqida o'z fikrlarini bildirdi:

– Toshkentda bo'lib o'tgan O'zbekiston–Pokiston biznes konferensiyasi hamda "36th RCCI International Achievement Awards" marosimi menda katta taassurot qoldirdi. Bunda albatta, Ravalpindi Savdo-sanoat palatasiga chuqur minnatdorlik bildiraman. Shu o'rinda aytishim lozimki, pokistonlik tadbirkorlarining mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish va mustahkamlashdagi faol va samarali hissasi alohida e'tirofga loyiq.

Shuningdek, O'zbekistonning Pokistondagi Elchisiga ham katta rahmat. Uning tashabbusi va yordami tufayli mazkur nufuzli tadbirda qatnashish, samimiy va mehmondo'st o'zbek xalqi bilan ko'rishish imkoniga ega bo'ldim.

Pokiston va O'zbekiston o'rtasidagi hamkorlik istiqbollari menga katta umid baxsh etadi. O'zaro sherikchilik aloqalari ikki tomonlama savdoni kengaytirish borasida ishonchli natijalarga erishishimizda muhim ahamiyatga ega. Biz savdo palatalari orqali kompaniyalar o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri biznes aloqalarni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratyapmiz. Qolaversa, keng mintaqaviy tashabbuslar orqali Afg'oniston hukumati bilan hamkorlik imkoniyatlarini o'rganishga intilyapmiz.

Bu hamkorlik faqat savdo sohasida emas: maqsadimiz qadimiy Buyuk Ipak yo'lini qayta tiklash va tarixiy aloqalarni iqtisodiy sheriklikka aylantirishdir. Bu yo'l hali ham strategik va iqtisodiy jihatdan katta ahamiyatga ega. Hozirda mintaqaviy savdoni qo'llab-quvvatlash uchun temir yo'l infratuzilmasini rivojlantirish ishlari olib borilmoqda.

Har ikki hukumat ikki tomonlama savdo hajmini 2 milliard AQSh dollari miqdorida belgiladi. Ravalpindi Savdo-sanoat palatasi prezidenti Umar Shavkat aytganidek, izchil hamkorlik va qo'shma sa'y-harakatlar orqali bu raqamni 4 milliard AQSh dollariga yetkazish mumkin.

Pokiston va O'zbekiston o'rtasida chuqur madaniy, tarixiy va diniy bog'liqliklar mavjud. Bugun biz ushbu aloqalarni aniq va amaliy iqtisodiy sheriklikka aylantirmoqchimiz. Bu esa nafaqat ikki mamlakatning o'zaro hamkorlik aloqalari mustahkamlaydi, balki butun mintaqaning farovonligi va integratsiyasiga ham sezilarli hissa qo'shadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish