Logo

Usman Shaukat: O'zbekiston va Pokiston o'zaro iqtisodiy o'sishni rag'batlantirishda to'g'ri yo'ldan odimlamoqda

Noyabr 11, 2025. 15:13 • 3 daq

207
Usman Shaukat: O'zbekiston va Pokiston o'zaro iqtisodiy o'sishni rag'batlantirishda to'g'ri yo'ldan odimlamoqda

TOSHKENT, 12-noyabr. /"Dunyo" AA/. Ravalpindi Savdo-sanoat palatasi (RCCI) prezidenti Usman Shaukat (Pokiston) "Dunyo" AA uchun intervyusida Toshkentda bo'lib o'tgan O'zbekiston–Pokiston biznes konferensiyasi va "36th RCCI International Achievement Awards" g'oliblarini taqdirlash marosimi haqidagi fikrlarini bildirdi:

- 36th International Achievement Awards and the Business Opportunities Conference" tadbirlarini aynan Toshkentda o'tkazish sharafiga muyassar bo'lganimizdan chin dildan xursandmiz. Bu tadbirlar bizning palatamiz uchun katta ahamiyatga ega bo'lib, biz ularni har yili dunyoning muhim biznes va iqtisodiy markazlarida tashkil etamiz. Shu yil esa, O'zbekiston bilan chuqur birodarlik va mustahkam hamkorligimizni inobatga olgan holda, tadbirlarimizni Toshkentda o'tkazishga qaror qildik.

Biznes imkoniyatlariga bag'ishlangan ushbu konferensiyada Pokistondan 150 dan ortiq delegat, shuningdek, ikki mamlakatdan 50 dan ortiq kompaniya faol ishtirok etdi. Tadbir doirasida farmatsevtika, qishloq xo'jaligi, axborot texnologiyalari, to'qimachilik va boshqa sohalar keng namoyish etildi. Biz ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan muzokaralarni o'tkazdik, bir qator memorandumlar imzoladik va qo'shma korxonalar ochish bo'yicha imkoniyatlarni batafsil o'rganib chiqdik. Bu esa ikki do'stona mamlakat o'rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yangi, samarali bosqichga olib chiqish imkonini yaratdi.

Delegatsiyamiz tarkibidan yirik tadbirkorlar o'rin olgan va bugun biz ularning yutuqlarini nishonlaymiz. Ushbu kompaniyalarning aksariyati O'zbekistonda o'z faoliyatini kengaytirish istagida. Kecha biz "Pharma Park" tashrif buyurdik hamda Pokiston va O'zbekiston o'rtasida farmatsevtika sohasida hamkorlik qilish salohiyati juda katta.

Pokiston Bosh vaziri va O'zbekiston Prezidenti tomonidan belgilangan maqsad ikki tomonlama savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazishdir. Rostini aytsam, agar bir nechta logistika va moliyaviy to'siqlarni yengib o'tsak, o'zaro savdo hajmini 4 milliard dollarga yetkazish mumkinligiga ishonaman. Bugun avtomobil va temir yo'l aloqalari, bank va moliyaviy operatsiyalar va, albatta, odamlar o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalarini batafsil muhokama qildik

Turizm mamlakatlarimiz o'rtasida deyarli foydalanilmagan yana bir soha. Men bu jabhada ham ulkan salohiyatni ko'ryapman. Bugun qilayotgan ishlarimiz, ushbu tadbirlar va muhokamalar mustahkam iqtisodiy aloqalar uchun zamin yaratmoqda. Bizni madaniy va tarixiy meros o'zaro bag'lab turadi, ammo endi iqtisodiy va biznes aloqalarimizni mustahkamlash vaqti keldi.

O'zbekiston iqtisodiy o'sishda ajoyib muvaffaqiyatli tarixga ega va 250 million aholisi bo'lgan Pokiston esa katta bozor imkoniyatlarini taklif etadi. Mintaqaviy hamkorlik, ayniqsa bugungi murakkab global muhitda muhim ahamiyatga ega. Men O'zbekiston va Pokiston birgalikda iqtisodiy o'sishni ta'minlash uchun to'g'ri yo'lda ekanligiga qat'iy ishonaman va bu faqat boshlanishi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish