Logo

Devid Pirs: O'zbekiston ochiqlik siyosati sari dadil qadam tashlamoqda

Iyun 26, 2025. 17:29 • 2 daq

74
Devid Pirs: O'zbekiston ochiqlik siyosati sari dadil qadam tashlamoqda

TOSHKENT, 27-iyun. /"Dunyo" AA/. "SRK Consulting " (Buyuk Britaniya) kompaniyasi korporativ maslahatchisi Devid Pirs "Dunyo" AA uchun intervyusida joriy yilning 24-25-iyun kunlari Toshkent shahrida bo'lib o'tgan "MINEX Central Asia 2025" forumining ahamiyati haqidagi fikrini bildirdi:

– Agar siz xalqaro investorlarni jalb qilmoqchi va ularga O'zbekistonda mavjud ulkan salohiyatni namoyish etmoqchi bo'lsangiz, eng avvalo ularning bu yerga kelishi, nimalar haqida gapirilayotganini tinglashi va aloqalar o'rnatishni boshlashi muhimdir. Bu ularga mamlakatingizga sarmoya kiritish uchun ishonch hosil qilishga yordam beradi.

Menimcha tog'-kon sanoati yo'nalishida yurtingiz salohiyati juda yuqori. Bu yerda qulay metallurgiya va yaxshi geologik sharoitlar bor. Biroq, ayrim qiyinchiliklar ham yo'q emas. Masalan, bepoyon qumliklar va juda baland tog'lar, yangi konlar qidirish jarayonlarini murakkablashtiradi. Shu sababli, ko'p narsa hali topilmagan va bu oldinda hali ko'plab ishlar turganini anglatadi. Dunyoning boshqa qismlarida minerallarning aksariyati allaqachon o'zlashtirilgan va imkoniyatlar cheklangan. O'zbekistonda esa ko'p narsa hali kashf etilmagan va men bunda ulkan imkoniyatlarni ko'ryapman.

Forumga kelsak, menimcha, hammasi juda zo'r o'tdi. Tashkilotchilarning bunday tadbirlarni o'tkazishda katta tajribaga ega ekanligi ko'rinib turibdi.

Mintaqadagi imkoniyatlarga kelsak, avval aytganimdek, men ularni juda kuchli va istiqbolli deb bilaman. Yetti yildan buyon o'zbekistonlik hamkasblarim bilan ishlayman. Bu vaqt davomida tizim, normativ huquqiy hujjatlar va sohaning rivojlanishiga guvoh bo'ldim.

 Bir so'z bilan aytganda, O'zbekiston barcha sohalarda ochiqlik siyosati sari dadil qadam tashlamoqda. Bu muhim omil mamlakatingizda biznesni rivojlantirish uchun yaxshi istiqbollar mavjudligidan darak beradi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish