Logo

Xyuston Brendmen Jon Tomas: Sport va milliy an'analar uyg'unlashtirgan bunday musobaqada ishtirok etish menga rohat bag'ishlamoqda

Iyun 12, 2025. 17:36 • 2 daq

40
Xyuston Brendmen Jon Tomas: Sport va milliy an'analar uyg'unlashtirgan bunday musobaqada ishtirok etish menga rohat bag'ishlamoqda

XIVA, 12-iyun. /"Dunyo" AA/. "Pahlavon Mahmud – Strongmen Games" xalqaro turnirida ishtirok etayotgan avstraliyalik sportchi Xyuston Brendmen Jon Tomas "Dunyo" AA uchun bergan intervyusida O'zbekiston va Xiva shahrida o'tkazilayotgan musobaqalar haqidagi taassurotlari bilan o'rtoqlashdi:

– Turnir va mamlakatingizda bo'lish menga juda yorqin va ijobiy taassurotlar qoldirmoqda. Mehmonlarni qabul qilishdan tortib tadbirlarni o'tkazishgacha qadar hammasi yuqori darajada tashkil etilgan. Ayniqsa, mahalliy aholining mehmondo'stligi meni hayratga soldi – odamlar juda samimiy, iliq va ochiqko'ngil. Bu o'ziga xos muhitda bo'lish chindan ham yoqimli.


Rostini aytsam, safardan oldin mamlakatingiz haqida ko'p bilmas edim. Hammasi men o'ylaganimdan ham yaxshiroq bo'lib chiqdi. Men O'zbekiston bilan tanishganimdan juda mamnunman va do'stlarim bilan yurtingizga yana qaytib kelaman, deb ishonaman.


Sport qismiga kelsak, musobaqada haqiqatan ham kuchli ishtirokchilar jam bo'lgan. Bilishimcha, so'nggi besh yil davomida Eronlik Reza Geytasi turnirni yutib kelmoqda va u, albatta favorit hisoblanadi. Ammo o'tgan yilgi natijalariga qaraganda, litvalik sportchi Yokubaytis Audryus, ikkinchi o'rinni olgan, u ham jiddiy raqobat ko'rsatmoqda. Umuman olganda, turnir juda qiziqarli kechishi kutilmoqda – ishtirokchilar darajasi yuqori va natija kichik tafsilotlarga bog'liq bo'lishi mumkin. Bu kurashni nafaqat biz sportchilar, balki tomoshabinlar uchun ham juda qiziqarli qiladi.


Tadbirni tashkil etish eng yuqori bahoga loyiq. Har bir bosqich – parvozlarni bron qilishdan tortib transferlar va mehmonxonaga joylashtirishgacha puxta o'ylangan hamda mukammal amalga oshirilgan. Bunday yuksak e'tibor musobaqada ishtirokni yana-da yoqimli qiladi va faqatgina sportga e'tibor qaratishga imkonini beradi.


"Qo'qon aravasi bilan mashq" haqidagi taassurotlarim bilan bo'lishmoqchiman. Bu mashq men uchun birinchi tajriba – ilgari bunday aravalarni yoki shunga o'xshash konstruksiyalar bilan mashq qilmaganman. Bu mashq nafaqat jismoniy jihatdan qiziqarli, balki an'anaviy, madaniy ma'noga ega. Dastlab, albatta, biroz qiyin bo'ldi, ma'lum texnika va moslashuv talab qilinadi. Ammo jarayon davomida ritmni his qila boshlaysiz, harakat mexanikasini to'g'ri topasiz va osonlashadi. Bu haqiqiy sinov, ammo shu bilan birga juda qiziqarli va an'anaviy. Sport bilan milliy an'analarga hurmatni uyg'unlashtirgan bunday musobaqada ishtirok etish menga rohat bag'ishlamoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish