Logo

Qodir Malikov: Termiz muloqoti Markaziy Osiyo davlatlarining xalqaro maydonda subyektivligini mustahkamlashga katta hissa qo'shadi

May 21, 2025. 10:46 • 2 daq

40
Qodir Malikov: Termiz muloqoti Markaziy Osiyo davlatlarining xalqaro maydonda subyektivligini mustahkamlashga katta hissa qo'shadi

TERMIZ, 21-may. /"Dunyo" AA/. Qirg'iziston Din ishlari bo'yicha davlat komissiyasi direktori maslahatchisi, "Din, huquq va siyosat" mustaqil tahlil markazi direktori Qodir Malikov "Dunyo" AA uchun intervyusida 19-21-may kunlari Termiz shahrida o'tayotgan "Tinchlik, do'stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish" mavzusidagi Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi o'zaro bog'liqlik bo'yicha Termiz muloqotining birinchi yig'ilishining ahamiyati haqidagi fikrlarini bildirdi:

– Termiz muloqoti Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari uchun nihoyatda muhim va dolzarb tashabbusdir. Global beqarorlik va geosiyosiy notinchlik sharoitida mintaqamiz uchun yangi imkoniyatlar va istiqbollar ochilmoqda. Shuningdek, ushbu forumning alohida ahamiyati uning barqaror iqtisodiy va logistika aloqalarini yaratish istagidadir.


Diplomatik nuqtai nazardan, ushbu muloqot mintaqadagi aksariyat davlatlarning Konstitutsiyalarida o'z ifodasini topgan va ularning milliy manfaatlarining muhim elementi bo'lgan betaraflik va ko'p qutbli siyosatini mustahkamlashga yordam beradi. Ushbu tadbir, shubhasiz, savdo-iqtisodiy, diplomatiya va madaniy aloqalarni rivojlantirish orqali Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo davlatlari o'rtasidagi integratsiya jarayonlarini rag'batlantiradi.


Muloqot kun tartibida mintaqaviy xavfsizlik masalalari ham muhim o'rin tutadi. Axborot almashinuvi, sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirish, ekspert va tahliliy hamjamiyatlarning o'zaro hamkorligi - bularning barchasi zamonaviy sharoitda juda muhim.


O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholayman. Bugungi kunda mamlakatingizning nafaqat Markaziy Osiyoning geografik va logistika markazi sifatidagi ahamiyati oshayapti, balki mintaqa davlatlarining o'zaro hurmat va integratsiya tamoyillarini ilgari surish bo'yicha ham bosqichma-bosqich yetakchisiga aylanib bormoqda.


O'zbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan Termiz muloqoti davlatlarimizning xalqaro maydonda subyektivligini mustahkamlashga salmoqli hissa qo'shadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish