Kubanichbek Omuraliyev: O'zbekistonda investitsiya muhitini sezilarli darajada yaxshilaydigan keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda
Iyun 11, 2025. 11:08 • 2 daq
• 83
TOSHKENT, 11-iyun. /"Dunyo" AA/. Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev "Dunyo" AA uchun intervyusida 9-12-iyun kunlari O'zbekiston poytaxtida bo'lib o'tayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumining ahamiyati haqidagi fikrlarini bildirdi:

– Toshkentda o'tkazilayotgan to'rtinchi forum alohida ahamiyatga ega. TDT doirasida O'zbekiston tashkilotning norasmiy poytaxtiga aylangan degan tushuncha mavjud. Ishtirokchilar tarkibining o'zi ham tadbir ko'lami va uning nufuzi qanchalik oshib borayotganidan guvohlik beradi. Bu nafaqat O'zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining jozibadorligi oshib borayotganidan dalolatdir.
Chunki bu yerda ko'plab mamlakatlarning davlat va hukumat rahbarlari, jumladan, tashkilotimiz a'zolari ham ishtirok etmoqda. Ishtirokchilar orasida qo'shni Qozog'iston, Qirg'iziston, shuningdek, TDTga a'zo boshqa mamlakatlarning yetakchi investorlari ham bor.
Aniq natijalar haqida gapirganda, e'tiboringizni muhim bir raqamga qaratmoqchiman. Birinchi forumdayoq qayta tiklanadigan energiya sohasiga Ko'rfaz arab davlatlaridan O'zbekistonga 10 milliard dollardan ortiq investitsiya jalb qilingan edi. Ishonch bilan ayta olamanki, bu ko'rsatkichlar yildan-yilga ortib bormoqda, mintaqadagi asosiy sarmoyaviy maydon sifatida forumning samaradorligi va jozibadorligi ortib bormoqda.
Bunda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning izchil siyosati alohida o'rin tutadi. Uning rahnamoligida mamlakatingizda investitsiyaviy muhitni sezilarli darajada yaxshilaydigan keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilyapti. Ma'lumki, tashkilotimiz doirasida har yili rasmiy sammit va norasmiy uchrashuvlar o'tkaziladi. Masalan yaqinda Budapesht norasmiy sammitga mezbonlik qildi. Ushbu uchrashuvlar yakunida muhim deklaratsiyalar qabul qilinmoqda, davlat rahbarlarining tashabbuslari hayotga tatbiq etilayotgani esa iqtisodiy hamkorligimiz uchun mustahkam zamin yaratyapti.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Stefan Krayevskiy: O‘zbekiston Polshaning Markaziy Osiyodagi asosiy hamkori
Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo: muhim strategik loyihalar amalga oshirilmoqda