Logo

Pyer-Pol Antonissens: Toshkent mintaqaning investitsion imkoniyatlari o'rganiladigan jozibador nuqtaga aylanmoqda

Iyun 11, 2025. 12:48 • 2 daq

71
Pyer-Pol Antonissens: Toshkent mintaqaning investitsion imkoniyatlari o'rganiladigan jozibador nuqtaga aylanmoqda

TOSHKENT, 11-iyun. /"Dunyo" AA/. EDF (Élestrisité de Franse) kompaniyasining Markaziy Osiyo mintaqasi bo'yicha direktori Pyer-Pol Antonissens (Fransiya) "Dunyo" AA uchun intervyusida 10-12-iyun kunlari poytaxtimizda bo'lib o'tayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumining ahamiyati haqidagi fikr-mulohazalarini bildirdi:

— Men ushbu forumda uchinchi marta ishtirok etyapman. U allaqachon Yevropa, Osiyo, Amerika, umuman olganda, butun dunyo investorlari uchun muhim uchrashuv maydoniga aylanib ulgurdi. Bugun Toshkent mintaqaning investitsion imkoniyatlari o'rganiladigan jozibador nuqta sifatida ko'rilmoqda. Bu haqiqatan ham katta qiziqish uyg'otadi.

Forumning aynan O'zbekistonda o'tkazilishi juda muhim. Biz bu voqeani intizorlik bilan kutdik. Fransiyalik ko'plab hamkasblarim ishtirok etish uchun bu yerga kelishdi. EDF kompaniyasining bosh direktori ham tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu forumga bo'lgan xalqaro e'tiborning yorqin namunasidir.

Bundan tashqari, tadbirning yuqori saviyada tashkil etilganligini ham alohida ta'kidlamoqchiman. Tadbir nafaqat ishtirokchilarning sessiyalarga qatnashishi, balki samarali muloqot qilishi uchun ham qulay tarzda tashkil etilgan. Xususan, o'zaro uchrashuvlar o'tkazish uchun ham ko'plab sharoitlar yaratilgan bo'lib, bu ayniqsa samarali biznes netvorking uchun nihoyatda muhim. Umuman olganda barcha tashkiliy masalalar juda oqilona o'ylangan.

Biz O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlardan yaxshi xabardormiz. Ushbu o'zgarishlarsiz kompaniyamiz bu yerda ishlash imkoniyatini ko'rib chiqmagan bo'lardi.

O'zbekiston rahbariyatining islohotlarni boshlash va izchil amalga oshirish borasidagi sa'y-harakatlarini yuksak qadrlaymiz. Albatta, bo'layotgan voqealarni diqqat bilan kuzatib boramiz va o'z tajribamiz hamda takliflarimiz bilan bo'lishish uchun davlat tuzilmalari bilan hamkorlik qilishda davom etamiz.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish