Logo

Sabine Maxl: O'zbekiston Prezidenti islohotlarining asosiy g'oyasi – inson, fuqaroni barcha davlat jarayonlari markaziga qo'yishdir

Iyun 25, 2025. 07:09 • 3 daq

78
Sabine Maxl: O'zbekiston Prezidenti islohotlarining asosiy g'oyasi – inson, fuqaroni barcha davlat jarayonlari markaziga qo'yishdir

SAMARQAND, 25-iyun./"Dunyo" AA/. BMTning O'zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Maxl "Dunyo" AA uchun intervyusida Samarqandda bo'lib o'tgan BMTning Davlat xizmatlari forumining ahamiyati haqidagi fikrlarini bildirdi:

– Samarqanddek, hayratlanarli go'zal shaharda bo'lish katta baxt va sharafdir. Markaziy Osiyoda ilk bor BMTning Davlat xizmati forumi o'tkazilmoqda va bu yerda shunday keng xalqaro vakillik – vazirlar, ekspertlar, davlat xizmatchilari yagona maqsad – davlat boshqaruvini takomillashtirish bilan birlashganini ko'rish juda quvonarli.

Forum allaqachon rasman ochilgan va O'zbekistonning islohotlar dasturini taqdim etishi menda katta taassurot qoldirdi. Islohotlarning asosiy yo'nalishlaridan biri – davlat xizmatini saviyaga asoslangan tizimga aylantirish, shuningdek, davlat xizmatlarini ko'rsatish jarayoniga raqamli yechimlarni faol joriy etishdir. Bu O'zbekiston qat'iy boshlagan ulkan va ilhomlantiruvchi yo'l hisoblanadi.

Mamlakatda ishlash davomida turli viloyatlarda bo'lish imkoniga ega bo'ldim. Qashqadaryo, Qarshi shahrida bo'lib, Davlat xizmatlari markazi faoliyati bilan shaxsan tanishdim. Bu davlat funksiyalari odamlarga qanchalik yaqinlashib borayotganining yaqqol misoli bo'ldi. Fuqarolar o'nlab turli muassasalarga murojaat qilmasdan, barcha xizmatlarni bir joydan olishlari mumkin. Bunday yondashuv islohotlarning aholi ehtiyojlariga chinakam e'tibor qaratilayotganidan dalolat beradi.

Forumda raqamli hukumat masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda. Sun'iy intellekt bizning zamonamizning eng dolzarb muammolaridan biri va ayni paytda imkoniyatlaridir. Bir tomondan, bu hayotni sezilarli darajada soddalashtirishi va davlat xizmatlari samaradorligini oshirishi mumkin. Boshqa tomondan, esa yangi axloqiy, huquqiy va boshqaruv yondashuvlarini ishlab chiqishni talab qiladi. Kiberxavfsizlik, algoritmlarning shaffofligi, virtual muhitda fuqarolar huquqlarini himoya qilish – bularning barchasi shoshilinch xalqaro muvofiqlashtirishni talab qiladi.

Shu o'rinda, o'tgan yil oxirida bo'lib o'tgan "Kelajak sammiti" natijalarini qayd etish muhim. Unda davlatlar sun'iy intellektni global tartibga solishsiz rivojlantirish mumkin emas, degan umumiy fikrga keldi. Bugun Samarqandda o'nlab mamlakatlar vakillari sun'iy intellekt yangi tahdidlar yaratmasdan jamiyatga qanday xizmat qilishi mumkinligini tahlil qilayotgan bu masala muhokama qilinmoqda.

Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotlar dasturini alohida ta'kidlash joiz. Uning asosiy g'oyasi barcha davlat jarayonlari markaziga shaxsni, fuqaroni qo'yishdir. Bu boshqaruv, xizmatlar ko'rsatish va ijtimoiy himoya tizimiga taalluqlidir. Bunday yondashuv BMTning adolat, qulaylik va ishtirok etish tamoyillari asosida davlat institutlarini rivojlantirish kabi falsafasiga juda mos keladi.

O'zbekiston global muloqot uchun faol maydonga aylanmoqda. So'nggi paytlarda bu yerda ko'plab xalqaro tadbirlar, jumladan, iqlim o'zgarishiga bag'ishlangan anjumanlar o'tkazilmoqda. Raqamlashtirish bu barcha tashabbuslar uchun birlashtiruvchi mavzuga aylandi va biz BMT tomonidan zamonaviy yechimlarni ilgari surishda mamlakat rahbariyatini qo'llab-quvvatlaymiz.

O'zbekistonda keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlat xizmati tizimidagi o'zgarishlar bilan bir qatorda, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, xususan, Milliy agentlik, shuningdek, joylarda aholi bilan samarali hamkorlik yo'lga qo'yilgan noyob mahalla instituti tizimini rivojlantirish borasidagi sa'y-harakatlarni ham alohida ta'kidlash lozim. Hududlarga tobora ko'proq e'tibor qaratilmoqda, bu juda muhim. Taraqqiyot faqat poytaxtda to'plangan emas, balki butun mamlakat hududini qamrab oladi. Eng muhimi, har bir islohot inson hayoti uchun real natijalar berishiga intilishdir. Chunki, oxir-oqibat, biz qilayotgan har bir ish inson manfaatiga qaratilgan bo'lishi kerak. O'zbekiston ushbu tamoyilga jiddiy sodiqligini namoyish etadi va bu hurmatga loyiq.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish