Logo

Timoti Smart: O'zbekistonni qayta tiklanuvchi energetika va muhim minerallar sohasida asosiy hamkor deb bilamiz

Iyun 25, 2025. 18:37 • 2 daq

108
Timoti Smart: O'zbekistonni qayta tiklanuvchi energetika va muhim minerallar sohasida asosiy hamkor deb bilamiz

TOSHKENT, 26-iyun. /"Dunyo" AA/. Buyuk Britaniya elchisi Timoti Smart "Dunyo" AA uchun intervyusida 24-25-iyun kunlari Toshkent shahrida bo'lib o'tgan "MINEX Central Asia 2025" forumining ahamiyatini ta'kidladi:

— Xalqaro kompaniyalar mamlakatingizga foydali qazilmalarni qazib olish, ayniqsa strategik ahamiyatga ega minerallarni o'rganish maqsadida kelmoqda. Chunki, bu soha haqiqatan ham katta imkoniyatlarni taqdim etuvchi o'sib borayotgan bozor hisoblanadi.

Buyuk Britaniya nega bu yerda? Bizga qayta tiklanuvchi energiya sohasida ishonchli sheriklar kerak. Bizga muhim minerallarni yetkazib berish zanjiri zarur va biz O'zbekistonni bu yo'nalishda asosiy hamkor deb bilamiz.

Hamkorligimizni mustahkamlashga yordam beradigan barcha zarur vositalar, shu jumladan eksport kreditini moliyalashtirish imkoniyati mavjud. Bundan tashqari, tog'-kon sanoatida, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya va resurslar sohasida katta tajribaga egamiz. Bu esa O'zbekiston bilan mustahkam hamkorlik uchun asos bo'lishi mumkin. Shuning uchun bu yerda bo'lishdan juda mamnunmiz.

Markaziy Osiyoning muhim minerallar sohasidagi salohiyati, xususan O'zbekiston haqida gapiradigan bo'lsak, shuni alohida ta'kidlamoqchimanki, biz allaqachon muhim minerallar bo'yicha o'zaro anglashuv memorandumini imzolanganmiz. Bu kelishuv joriy yilning mart oyida O'zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov tomonidan Qo'shma iqtisodiy qo'mitaning birinchi yig'ilishi va Londonda Britaniya biznesi vakillari bilan bo'lib o'tgan "O'zbekiston investitsion salohiyati kunlari" tadbiri yakunlari bo'yicha imzolangan.

Biz "yashil" inqilobimizni mustahkamlash va sizning "yashil" iqtisodiyotingizni qo'llab-quvvatlash uchun ilg'or texnologiyalar, shuningdek, qazib olish va qayta ishlash sohalarida hamkorlik imkoniyatlarini faol o'rganayapmiz. Biz buni juda istiqbolli yo'nalish deb bilamiz. Biz xalqaro yetkazib berish zanjirlarini diversifikatsiya qilishimiz kerak va O'zbekiston bu jarayonda markaziy o'rinni egallaydi. Do'stona qabul, bu yerda shakllanayotgan hamkorlik, shuningdek, O'zbekiston Prezidentining islohotlar dasturi, muvaffaqiyatli sheriklik uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

Xalqaro standartlarga intiluvchi har qanday mamlakat hamisha to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar uchun yana-da jozibador ko'rinadi. "CRIRSCO" va "ESG" kabi xalqaro standartlarga rioya qilish O'zbekistonga ko'proq investitsiyalarni jalb qilish, yana-da barqaror va uzoq muddatli rivojlanish, shuningdek, qulay moliyalashtirish imkoniyatini taqdim etadi.

Buyuk Britaniya eksport moliyalashtirish agentligi O'zbekiston uchun maxsus 3,6 milliard funt sterling miqdorida mablag' ajratgan. Birinchi qo'shma loyiha tog'-kon sanoatida – Olmaliq tog'-metallurgiya kombinati bilan hamkorlikda amalga oshirilyapti.

Biz O'zbekiston bilan hamkorligimizni mustahkamlashda davom etish niyatidamiz. Keling, birgalikda ko'proq narsaga erishaylik.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish