O'zbek hunarmandchilik mahsulotlari Germaniyadagi yarmarkada namoyish qilindi
Noyabr 12, 2025. 11:05 • 2 daq
• 339
BERLIN, 12-noyabr. /"Dunyo" AA/. Germaniya poytaxtida o'tkazilgan "Bazaar Berlin" xalqaro yarmarkasida mamlakatimiz hunarmandchilik mahsulotlari namoyish etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

63-marotaba o'tkazilgan ushbu xalqaro yarmarkada dunyoning 60 ga yaqin mamlakatidan 500 nafarga yaqin ishtirokchi qatorida yurtimiz vakillari ham qatnashdi.
Bu yerga tashrif buyurganlar o'zbek xalqining qo'l mehnatida yaratilgan, ming yillik tarixga ega hunarmandchilik san'ati mahsulotlaridan bahramand bo'lishdi. O'zbekistonlik qo'li gul hunarmandlar tomonidan yaratilgan kulolchilik buyumlari, yog'och o'ymakorligi namunalari va turli kiyimlar ko'pchilikda katta taassurot qoldirdi.
Yarmarka beshta – "Jahon bozori", "San'at va uslub", "Tabiat bilan hamohang", "Ijtimoiy adolat" va "Tashqarida qor, uyda bahor" yo'nalishlarida tashkil etildi. Shuningdek, tadbirlar doirasida modalar namoyishi, "Karneval der Kulturen" raqs jamoalarining chiqishlari va mahorat darslari o'tkazildi.
– Bu yarmarka 60 yil muqaddam Germaniyada Yangi yil bayrami arafasida, turli-tuman sovg'a xarid qilish maqsadida bozorcha shaklida tashkil etilgan, – deydi "Messe Berlin" xalqaro yarmarkasining Markaziy Osiyo davlatlari bo'yicha rasmiy vakili Terasim Timiraliyeva. – Bu yerga nafaqat berlinliklar, balki boshqa shaharlardan ham odamlar kelib, sovg'a va boshqa noodatiy buyumlar xarid qilishadi. Ko'rgazmada barcha qit'adan hunarmandlar ishtirok etadi. O'zbekiston ham 2023-yildan beri muntazam qatnashib, milliy hunarmandchilik mahsulotlarini namoyish etib kelayapti.
Tadbir ishtirokchilari va xaridorlari soni yildan-yilga oshib bormoqda. Butun Yevropada qo'l mehnati qadriga yetadigan auditoriya keng. Har bir tashrif buyuruvchi o'rtacha 50 yevro sarflaydi. Besh kun ichida yarmarkaga keladigan minglab xaridorlarni hisobga olsak, bu hunarmandlar uchun juda katta savdo-sodiq imkonini yaratadi. Qolaversa, qo'lda ishlangan, noyob mahsulot ishqivozlari bo'lgan dunyoning turli burchaklaridan kelgan do'kon egalari bilan hamkorlik o'rnatib, doimiy buyurtmalarni yo'lga qo'yish mumkin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi