Logo

"Made in Uzbekistan" brendi ostidagi milliy mahsulotlar Vengriyadagi vino festivalini zabt etdi

Aprel 28, 2025. 14:41 • 3 daq

141
"Made in Uzbekistan" brendi ostidagi milliy mahsulotlar Vengriyadagi vino festivalini zabt etdi

SOLNOK, 28-aprel. /"Dunyo" AA/. Vengriyaning Solnok shahrida IX vino festivali bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Vengriya vino sanoatidagi ushbu muhim voqea an'anaviy ravishda ishlab chiqaruvchilar, restavratorlar, savdo kompaniyalari vakillari, olijanob ichimliklarni biluvchilar va mamlakatning barcha hududlaridan professionallarni birlashtirdi.

Bu yilgi festival Vengriyaning 40 dan ortiq yetakchi vino zavodlarini jamladi va ular o'z mahsulotlarining eng yaxshi namunalarini taqdim etishdi. Mehmonlar uchun vinochilar bilan muloqot qilish, ishlab chiqarish sirlari va vino ishlab chiqariladigan hududlarning madaniy xususiyatlari haqida ko'proq ma'lumot olish imkoniyati yaratildi.

Festivalning faxriy mehmoni sifatida ishtirok etgan O'zbekiston tashrif buyuruvchilarning alohida e'tiborini tortdi. "Made in Uzbekistan" milliy brendi ostida vino ishlab chiqaruvchi "Château Hamkor" kompaniyasi o'z mahsulotlarining keng assortimentini namoyish etdi.

O'zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov festivalning ochilish qismida qutlov nutqi bilan ishtirok etdi. U o'z nutqida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar haqida atroflicha to'xtalib, O'zbekiston ochiq, raqobatbardosh va innovatsion davlat yo'lida barqaror o'zgarishlar amalga oshirilayotganini alohida ta'kidladi. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari, sayyohlik salohiyati va mamlakatimizning institutsional jozibadorligiga alohida e'tibor qaratildi.

"Château Hamkor" kompaniyasining boshqaruvchi hamkori Nozim Qobilov tomonidan o'tkazilgan taqdimot mehmonlar va mutaxassislar e'tiborini tortdi. U ishlab chiqarishning texnologik xususiyatlari, o'zbek uzum navlarining o'ziga xosligi va O'zbekistonda vinochilikning madaniy an'analari haqida batafsil gapirib berdi. Taqdim etilgan vino mahsulotlari soha mutaxassislarida yuqori qiziqishiga sabab bo'ldi. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan tashkil etilgan o'zbek milliy taomlari taqdimoti ham muvaffaqiyatli bo'lib o'tdi. Festival mehmonlari ko'z o'ngida milliy taomlarimiz – palov va somsa tayyorlandi va ulashildi.

Ta'kidlash kerakki, festival maydonida tashkil qilingan O'zbekiston milliy stendi eng ko'p tashrif buyurilgan bo'limlardan biri bo'ldi hamda madaniy va gastronomik diqqatga sazovor joylarning haqiqiy markaziga aylandi.

O'zbekistonning mazkur tadbirida ishtirok etishi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, milliy brendni ilgari surish va eksport imkoniyatlarini kengaytirishda muhim qadam bo'ldi.

Mutaxassislarning aytishicha, Solnokdagi festival vino va gastronomiya nafaqat san'at, balki xalqlar o'rtasidagi ko'prik ekanligini yana bir bor tasdiqladi.

Gyorg Xicho, Solnok kasb-hunar ta'limi markazi rahbari:

– IX yillik vino festivalini yuqori darajada o'tkazganimizdan juda xursandmiz. Har yili biz ushbu professional tadbir doirasida yangi mamlakatlar va insonlar bilan uchrashamiz. Bu yil O'zbekiston elchisi va o'zbekistonlik hamkorlarimiz alohida o'rin egalladi. Biz uchrashdik, suhbatlashdik va umid qilamanki, boshlagan aloqalarimiz kelajakda rivojlanib, muvaffaqiyatli hamkorlikka yetaklaydi.

Festivalning xalqaro miqyosda kengayishi nafaqat professional hamjamiyat, balki mamlakatlar o'rtasidagi madaniy va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish uchun ham yangi istiqbollarni ochadi.

Andras Kolozsvari, vengriyalik tadbirkor, "Balalajka Plus Kft." kompaniyasi prezidenti, festival tashkilotchisi:

– Yaqinda Farg'ona viloyatida bo'ldim. Ushbu safar men uchun unutilmas va ajoyib tajriba bo'ldi. Ajoyib, mehmondo'st insonlarni uchratdim, Farg'ona mevalari, vinolaridan tatib ko'rdim. O'zbek gastronomiyasi haqiqiy mo'jiza. Albatta, barcha shaharlarda muhokama qilinadigan palov haqida gapirmasdan iloj yo'q. Toshkent palovimi yoki Farg'ona oshi mazali ekanligi haqidagi savolga shaxsan men javob berolmayman.

 Mazkur sayohatimdan olgan kuchli taassurot o'zbek vinochilarining festivalga taklif qilinishiga sabab bo'ldi.

O'zbekistonning "Château Hamkor" vino zavodini festivaldagi ishtiroki muvaffaqiyat bo'ldi. Umid qilamanki, kelajakda biz Vengriyaga o'zbek ichimliklari eksportini yo'lga qo'yamiz.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish