Logo

Seul shahrida bo'lib o'tgan "Korea Import Fair 2025" xalqaro ko'rgazmasida O'zbekiston milliy pavilyoni namoyish etildi

Iyul 10, 2025. 16:23 • 2 daq

77
Seul shahrida bo'lib o'tgan "Korea Import Fair 2025" xalqaro ko'rgazmasida O'zbekiston milliy pavilyoni namoyish etildi

SEUL, 10-iyul. /"Dunyo" AA/ Joriy yilning 7-9-iyul kunlari Seul shahrida joylashgan "COEX" ko'rgazmalar markazida bo'lib o'tgan "Korea Import Fair 2025" xalqaro ko'rgazmasida O'zbekiston tadbirkorlari o'z mahsulotlari bilan ishtirok etdilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda 100 dan ortiq davlatlardan 1500 dan ortiq tadbirkor, ishlab chiqaruvchi va biznes vakillari ishtirok etdi.

Ushbu ko'rgazma Janubiy Koreya bozoriga import mahsulotlarini olib kirish, yangi savdo sheriklarini topish va xalqaro iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishda muhim platforma vazifasini bajardi.

O'zbekiston mazkur iqtisodiy anjumanda "Made in Uzbekistan" brendi ostidagi milliy ekspozitsiya bilan ishtirok etib, 9 ta alohida stend orqali mamlakatimizning eksport salohiyati va milliy mahsulotlarini namoyish qildi. Shuningdek, 20 dan ortiq yetakchi o'zbek eksportyorlari o'z mahsulotlari bilan ishtirok etdi.

Milliy stend tarkibida quritilgan mevalar, yong'oq, sharbatlar, konserva mahsulotlari, shirinliklar, o'simlik yog'i va boshqa qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlari namoyish etildi. Ushbu mahsulotlar o'zining yuqori sifati, tabiiyligi va eksportbopligi bilan ushbu mamlakatdagi xaridorlar, distribyutorlar va importyorlar tomonidan katta qiziqishga sabab bo'ldi.

O'zbekiston stendiga Koreya Respublikasi hukumati vakillari, xorijiy diplomatik korpus rahbarlari, mahalliy va xalqaro biznes doiralari vakillari tashrif buyurdi. Ular O'zbekiston mahsulotlariga yuqori baho berib, sifat va talabga javob beradigan darajada ekanini ta'kidlashdi.

Qayd etishimiz joizki, ushbu tadbir nafaqat Janubiy Koreya, balki jahon bozoriga ham yurtimiz mahsulotlarini olib chiqish, shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan yaqin munosabatlar o'rnatishga xizmat qildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish