Logo

O'zbekiston AQShda milliy brendlarni targ'ib qilmoqda

Avgust 03, 2025. 13:37 • 2 daq

126
O'zbekiston AQShda milliy brendlarni targ'ib qilmoqda

TOSHKENT, 3-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) delegatsiyasi mahalliy mahsulotlarni targ'ib qilish, eksport salohiyatini kengaytirish va ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish maqsadida AQShga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

ISSV ma'lumotiga ko'ra, ushbu tashrif doirasida 25 ta mahalliy to'qimachilik korxonasi Nyu-York shahrida o'tkazilgan"Texworld NYC", "Apparel Sourcing USA" va "Home Textiles Sourcing Expo" xalqaro ko'rgazmalarida qatnashdi.

Ko'rgazmalar doirasida "Bunzl plc", "Levi Strauss & Co.", "PVH Corp.", "G-III Apparel Group", "Kontoor Brands", "American Eagle Outfitters", "Tapestry Inc.", "Macy's", "American Apparel & Footwear Association (AAFA)", "United States Fashion Industry Association (USFIA)", "Oritain" va boshqa yetakchi kompaniyalar bilan muzokaralar olib borildi. Uchrashuvlarda O'zbekiston ishlab chiqaruvchilarini AQSh bozoriga chiqarish va soursing mexanizmi asosida buyurtmalar joylashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tashrif davomida ISSV vakillari AQSh Savdo vazirligida (U.S. Department of Commerce) uchrashuv o'tkazdi. Unda O'zbekiston va AQSh o'rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, savdo to'siqlarini kamaytirish va investitsiyalarni faollashtirish bo'yicha mexanizmni ishlab chiqish masalalari ko'rib chiqildi. O'zbek mahsulotlarini, jumladan, to'qimachilik, qurilish materiallari, elektr texnikasi va qishloq xo'jaligi mahsulotlarini "Amazon", "Walmart", "Whole Foods Market, Bloomingdale's" va "The Home Depot" kabi yirik savdo tarmoqlarida joylashtirish imkoniyatlari ham alohida muhokama qilindi.

AQSh Savdo vazirligi huzuridagi Savdo huquqini rivojlantirish dasturi (USDA) vakillari bilan bo'lgan muzokaralar chog'ida O'zbekiston kompaniyalari uchun AQSh standartlariga mos sertifikatlash va qadoqlash bo'yicha vebinar va seminarlar tashkil etishga kelishib olindi. AQSh Qishloq xo'jaligi vazirligi (USDA) va AQSh Paxta Assotsiatsiyasida bo'lib o'tgan uchrashuvda "GSM-102" dasturi doirasida O'zbekistonga AQSh paxtasini yetkazib berish, kredit limitini oshirish va "Made from U.S. Cotton" tashabbusini ishga tushirish masalalari muhokama qilindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish