Logo

O'zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo'jaligi mahsulotlari Britaniya bozorini zabt etmoqda

Iyun 27, 2025. 18:04 • 54 soniya

86
O'zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo'jaligi mahsulotlari Britaniya bozorini zabt etmoqda

LONDON, 27-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston O'simliklar himoyasi va karantini agentligi rahbariyati hamda mamlakatimizdagi yetakchi eksportyor korxonalar vakillaridan iborat delegatsiyaning Buyuk Britaniyaga amaliy safari tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi ko'magida tashkil etilgan mazkur safar yurtimizda yetishtirilgan qishloq xo'jaligi mahsulotlarini Britaniya bozoriga kirishini ta'minlash maqsadida uyushtirildi.

Safar davomida 21-22-iyun kunlari Londonda o'tkazilgan "O'zbekiston madaniyat va milliy taomlari" festivali doirasida "O'zbekiston mahsulotlari" savdo yarmarkasi tashkil etildi.

Tadbirda xorij tomoniga namunalar taqdim etish maqsadida Londonga 2 tonnadan oshiq qishloq xo'jaligi mahsulotlari va mevalar olib kelindi. Festivalga kelgan 35 mingdan ziyod mehmonlar, shu jumladan ishbilarmon doiralar vakillari o'zbek mahsulotlarining sifatiga yuqori baho berdi.

O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari Londonda joylashgan yirik ulgurji bozorlar hamda meva-sabzavot importi bilan shug'ullanuvchi kompaniyalar omborlarida bo'ldi. Britaniya bozor konyukturasi, meva-sabzavot mahsulotlariga bo'lgan ehtiyoj va sifat talablari o'rganildi.

Shuningdek, O'zbekiston elchixonasida alohida biznes-forum tashkil etildi. Mazkur tadbirga Britaniyaning 25 dan ortiq yirik importyor, savdo-sotiq, logistika, xizmat ko'rsatuvchi kompaniyalari vakillar qatnashdi.

O'tkazilgan tadbirlar va uchrashuvlarda britaniyalik salohiyatli kompaniyalar bilan to'g'ridan-to'g'ri aloqalar o'rnatildi hamda dastlabki eksport kelishuvlariga erishildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish