Logo

O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya Imperatori bilan uchrashdi

Dekabr 19, 2025. 08:45 • 2 daq

97
O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya Imperatori bilan uchrashdi

TOSHKENT, 19-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrifini bugun Imperator Naruxito bilan uchrashuvdan boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston yetakchisi matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, Yaponiya Imperatori davlatimiz rahbarini samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston Prezidentining bu galgi tashrifi O‘zbekiston – Yaponiya do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim voqea ekanini taʼkidladi.

Mamlakatimiz yetakchisi Imperator Naruxitoga chuqur hurmat-ehtiromini bildirib, Yangi O‘zbekistondagi ortga qaytmas islohotlarni izchil qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik izhor etdi.

O‘zbek va yapon xalqlari geografik jihatdan bir-biridan olis bo‘lishiga qaramay, ularni mentalitetlar, urf-odatlar va oilaviy qadriyatlar o‘xshashligi, shuningdek, ildizlari Buyuk Ipak yo‘li davriga borib taqaladigan ko‘p asrlik tarixiy aloqalar bog‘lab turgani taʼkidlandi.

Ikki tomonlama hamkorlik, ayniqsa, taʼlim va kadrlar tayyorlash hamda madaniy-gumanitar almashinuvlar sohasida izchil kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugungi kunga qadar 3 mingdan ortiq o‘zbekistonlik mutaxassislar Yaponiyada amaliyot o‘tadi, 440 nafardan ziyodi esa stipendiya asosida oliy maʼlumotga ega bo‘ldi. O‘zbekistondagi 7 ta universitetda yapon tili o‘qitilmoqda.

Joriy tashrif doirasida Tokioda O‘zbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Kelgusi yili Yaponiyaning bir nechta shaharlarida O‘zbekiston madaniyati va tarixiga bag‘ishlangan arxeologik ko‘rgazma tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Imperator Naruxitoga O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishni taklif qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish