O'zbekiston maktab o'quvchilari Seulda bo'lib o'tadigan Xalqaro standartlar olimpiadasida ishtirok etadi
Avgust 12, 2025. 15:58 • 52 soniya
• 68
SEUL, 12-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston maktab o'quvchilari Seul shahrida bo'lib o'tadigan XX Xalqaro standartlar olimpiadasida (ISO – International Standards Olympiad) ishtirok etish uchun Janubiy Koreyaga yetib keldi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Koreya Texnologiya va standartlar agentligi (KATS) va Koreya standartlari assotsiatsiyasi (KSA) standartlarni tushunishni osonlashtirish va ularning ahamiyatini keyingi avlodga singdirish uchun 2006 yildan buyon Xalqaro standartlar olimpiadasini o'tkazib kelmoqda. Unda butun dunyodan maktab o'quvchilari ishtirok etadi.
Dastlabki bosqichlardan o'tgan jamoalar asosiy musobaqada o'z ishtiroklarini davom ettiradilar. Ularga standartlashtirish dunyosida bilim va malakalarini oshirishga qaratilgan vazifalar yuklanadi. Bilimlar bellashuvi 2014-yilda sinov tariqasida xalqaro miqyosda o'tdi, 2015-yildan boshlab rasmiy xalqaro olimpiada maqomini oldi.
Xalqaro standartlar olimpiadasi nafaqat nazariy nuqtai nazardan standartlashtirish bo'yicha bilimlarni sinovdan o'tkazadi, balki u ijodkorlik, ilmiy bilimlar va texnologiyani birlashtiradi hamda ishtirokchilarga standartlashtirish olamini o'rganish uchun dinamik va hayajonli onlarni taqdim etadi.
Bu yilgi olimpiadada O'zbekiston delegatsiyasi safida Al-Xorazmiy, Prezident maktablari va viloyatlar ixtisoslashgan maktablari o'quvchilari qatnashadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi