Logo

Belarusda o'tayotgan "Hamdo'stlik bolalari" X xalqaro forumi doirasida O'zbekiston kuni nishonlandi

Iyul 15, 2025. 14:39 • 47 soniya

57
Belarusda o'tayotgan "Hamdo'stlik bolalari" X xalqaro forumi doirasida O'zbekiston kuni nishonlandi

TOSHKENT, 15-iyul. /"Dunyo" AA/. Shu kunlarda Belarusda X xalqaro madaniy-ma'rifiy forum — "Hamdo'stlik bolalari" bo'lib o'tmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

Parlament yuqori palatasi ma'lumotiga ko'ra, mazkur an'anaviy nufuzli tadbirda O'zbekiston, Armaniston, Belarus, Qozog'iston, Qirg'iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmanistondan 14-17 yoshdagi maktab o'quvchilari va ularning ustozlari ishtirok etmoqda.

O'zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva forum ishtirokchilariga yo'llagan tabrigida qirg'izistonlik hamkasblari tashabbusi bilan boshlangan "Hamdo'stlik bolalari" forumi bugungi kunda MDH mamlakatlari yoshlari o'rtasida do'stlik, o'zaro hurmat va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladigan yaxshi an'anaga aylanganini ta'kidladi.

Forum doirasida O'zbekiston kuni keng nishonlandi. Tadbirda mamlakati­mizning boy madaniy merosi, milliy urf-odat va an'analari keng jamoatchilikka taqdim etildi.

O'zbekistonlik maktab o'quvchilari xalq qo'shiqlari va raqslarini ijro etdi hamda milliy o'yinlarni namoyish etilishini tashkil qildi. Shuningdek, forum ishtirokchilari o'zbek musiqasi va adabiyoti bilan yaqindan tanishish, milliy taomlardan tatib ko'rish imkoniga ega bo'ldi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish