O'zbekistonlik ijodkorlar Dehlida bo'lib o'tgan ShHT yosh mualliflarining ikkinchi konferensiyasida ishtirok etdi
Sentabr 28, 2025. 10:49 • 2 daq
• 413
DEHLI, 28-sentyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonlik yosh va taniqli qalam ustalari Shuhrat Orif va Javlon Jovliyev joriy yil 25-26-sentyabr kunlari Dehli shahrida bo'lib o'tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) yosh mualliflarining ikkinchi konferensiyasida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Xalqaro tadbir ShHT Kotibiyati, Hindiston Ta'lim vazirligi va ushbu mamlakat Milliy kitob jamg'armasi hamkorligida tashkil etildi.
Navbatdagi konferensiya ishtirokchilari "Raqamli davrda ijodiy makon dinamikasi: ShHT yosh mualliflarining muloqoti" mavzusini muhokama qilmoqda. Anjumandan ko'zlangan maqsad bugungi kunda raqamli texnologiyalar san'at, adabiyot va intellektual almashinuvni qanday o'zgartirayotganini muhokama qilish uchun ShHTga a'zo davlatlarning yosh yozuvchi va ijodkorlarini birlashtirishdan iboratdir.
O'zbekiston delegatsiyasining mazkur forumdagi ishtiroki mamlakatimizning ShHT faoliyatidagi, xususan, Tashkilotning yoshlarga oid siyosatini amalga oshirish jarayonidagi izchil va faol pozitsiyasini ifodalaydi. Anjuman mamlakat rahbariyatining iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning ijodiy va intellektual salohiyatini yuzaga chiqarishga qaratilgan tashabbuslarini ilgari surish uchun yana bir muhim xalqaro maydoncha bo'ldi.
Konferensiya dasturi doirasida o'zbekistonlik yosh mualliflar asosiy sessiyalarda ma'ruza qildi. Javlon Jovliyev "Ijod va matbaa ishi" sessiyasida ishtirok etib, zamonaviy adabiy jarayonlar va raqamli asrda mualliflar oldida turgan dolzarb vazifalar haqida o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
Anjumanning ikkinchi kunida Shuhrat Orif an'anaviy va raqamli teleradioeshittirishning konvergensiyasi mavzusidagi muhokamada so'zga chiqib, O'zbekistonning zamonaviy kontentni yangi media formatlarga moslashtirish bo'yicha to'plagan tajribasini taqdim etdi.
O'zbekiston vakillarining ShHT yosh mualliflar konferensiyasi kabi muhim xalqaro tadbirlarda ishtirok etishi katta ahamiyatga ega. Bu nafaqat Tashkilotga a'zo davlatlar o'rtasidagi gumanitar va madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi, balki o'zbek yoshlarining jahon miqyosida ijodiy va intellektual salohiyati yuksalib borayotganini ham yaqqol namoyon etadi.
ShHT yosh mualliflarining ikkinchi konferensiyasi Dehlida O'zbekiston, Hindiston, Qozog'iston, Xitoy, Qirg'iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Belarus va Erondan 30 ga yaqin muallif va ijodkorlarni birlashtirdi. Birinchi konferensiya ham 2023-yil aprel oyida Hindiston poytaxtida bo'lib o'tgan edi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston bojxonachilari Jahon bojxona tashkiloti seminarida qatnashdi
Doha forumi doirasida Termiz muloqotining strategik ahamiyati taqdim etildi