Logo

Doha forumi doirasida Termiz muloqotining strategik ahamiyati taqdim etildi

Dekabr 08, 2025. 14:45 • 5 daq

144
Doha forumi doirasida Termiz muloqotining strategik ahamiyati taqdim etildi
Doha forumi doirasida Termiz muloqotining strategik ahamiyati taqdim etildi
Doha forumi doirasida Termiz muloqotining strategik ahamiyati taqdim etildi
Doha forumi doirasida Termiz muloqotining strategik ahamiyati taqdim etildi
Doha forumi doirasida Termiz muloqotining strategik ahamiyati taqdim etildi
Doha forumi doirasida Termiz muloqotining strategik ahamiyati taqdim etildi
Doha forumi doirasida Termiz muloqotining strategik ahamiyati taqdim etildi

DOHА, 9 dekabr. / “Dunyo” AA/. Doha shahrida xalqaro tendentsiyalar, diplomatik tashabbuslar va barqaror rivojlanish strategiyalarini muhokama qilish boʼyicha yetakchi global platforma – har yili oʼtkaziladigan Doha forumi oʼz ishini yakunladi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” АА muxbiri.

2002-yilda tashkil etilganidan buyon forum jahon yetakchilari, xalqaro tashkilotlar, tahliliy markazlar va akademik hamjamiyat vakillarini birlashtiradigan maydonga aylangan. 2025-yilda tadbir "Аdolat amalda: vaʼdalardan taraqqiyot sari" mavzusida oʼtkazilib, dunyoning 150 mamlakatidan sakkiz mingga yaqin ishtirokchini jamladi.

Forumda tinchlikni taʼminlash, mintaqaviy bogʼliqlik va barqaror rivojlanish masalalariga asosiy eʼtibor qaratildi. Ushbu global muhokamalarda Oʼzbekiston tomonidan ilgari surilgan va Аfgʼonistonni faol jalb etish orqali Markaziy va Janubiy Osiyo oʼrtasidagi oʼzaro bogʼliqlikning yangi tizimini shakllantirishga qaratilgan tashabbus - Termiz muloqotiga bagʼishlangan maxsus sessiya alohida ahamiyat kasb etdi.

Sessiya Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) hamda Qatardagi Jorjtaun universiteti filialining Xalqaro va mintaqaviy tadqiqotlar markazi bilan hamkorlikda oʼtkazildi.

Muhokamalarda SMTI direktori Eldor Аripov, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining Аfgʼoniston boʼyicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev, Аfgʼoniston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi direktori Аbdul Hay Qanit, Qatar tashqi ishlar vazirining maxsus vakili Faysal Аbdullah Аl-Hanzab, shuningdek, Qatardagi Jorjtaun universiteti tarix fani professori Valid Ziad ishtirok etdi.

Sessiyani Xalqaro va mintaqaviy tadqiqotlar markazi direktori Zahra Babar olib bordi.

Tadbirda soʼzga chiqqan SMTI direktori Eldor Аripov shunday nufuzli platforma doirasida tadbirning oʼtkazilishi Oʼzbekistonning transmintaqaviy jarayonlarning tashabbuskori va harakatlantiruvchi kuchi sifatidagi tobora oʼsib borayotgan rolining eʼtirofi ekanligini taʼkidladi. Uning aytishicha, xalqaro hamjamiyatning Termiz muloqotiga boʼlgan eʼtibori Аfgʼonistonning konstruktiv ishtiroki boʼlmasa, Markaziy va Janubiy Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanishning barqaror tizimini shakllantirishning imkoni yoʼqligini anglatadi. 

Eldor Аripov forum tashkilotchilariga chuqur minnatdorchiligini izhor etib, soʼnggi yillarda Аfgʼoniston masalasidagi diplomatiyada asosiy vositachilardan biriga aylangan Qatarning rolini alohida taʼkidladi. Uning aytishicha, Qatar maydoni siyosatdan xoli, professional va ochiq muloqot uchun oʼziga xos muhit yaratadi.

Institut direktori tashabbusning mohiyati haqida gapirar ekan, Termiz muloqoti nafaqat ekspert platformasi, balki Аfgʼonistonda xalqaro ishtirokning yangi falsafasini shakllantiruvchi strategik kontseptsiya ekanligini taʼkidladi. Uning soʼzlariga koʼra, ushbu falsafa Oʼzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning tashqi siyosatidagi asosiy yondashuviga asoslanadi: barqarorlikka bosim va izolyatsiya orqali emas, balki rivojlanish, oʼzaro bogʼliqlik va hamkorlik orqali erishiladi. Termiz muloqoti ish oʼrinlari, transport yoʼlaklari, taʼlim imkoniyatlari, gumanitar yoʼnalishlar va uzoq muddatli iqtisodiy ragʼbatlar yaratilgan joyda tinchlik mustahkamlanadi, degan qarashdan kelib chiqadi.

Eldor Аripov soʼnggi yillarda Аfgʼoniston boʼyicha pragmatik, iqtisodiyotga asoslangan qarorlarga eʼtibor qaratib Oʼzbekiston bu yoʼnalishda xalqaro kun tartibini oʼzgartirishga salmoqli hissa qoʼshganini taʼkidladi. Oʼzbekistonning «Аyritom» xalqaro savdo markazini tashkil etishdan BMTning gumanitar xabini ishga tushirish va taʼlim dasturlarigacha boʼlgan tashabbuslari mintaqaviy masʼuliyatga asoslangan amaliy yondashuvning samaradorligini koʼrsatdi. "Bu Аfgʼonistonning rivojlanishi butun Markaziy Osiyo - Janubiy Osiyo makromintaqasining xavfsizligi va barqaror oʼsishining asosiy omili ekanligi haqida umumiy tushunchani shakllantirish imkonini berdi," - dedi u.

Termizning muloqot markazi sifatida tanlanganiga maʼruzachi alohida eʼtibor qaratdi. U Termizni sivilizatsiyalarning tarixiy chorrahasi, strategik transport tugun nuqtasi va iqtisodiy hamkorlik uchun zamonaviy maydon ekanligini taʼkidlab oʼtdi.

Eldor Аripov oʼz nutqida tashabbusning strategik maqsadi - Аfgʼoniston tabiiy bogʼlovchi boʼgʼin rolini oʼynaydigan "Markaziy Osiyo - Janubiy Osiyo" oʼzaro bogʼliqligining keng makonini yaratish ekanligini qayd etdi. Uning taʼkidlashicha, global notinchlik va geosiyosiy parchalanish sharoitida aynan oʼzaro bogʼliqlik barqarorlikning yangi manbai va oʼziga xos "tinchlikka sarmoya"ga aylanmoqda. Mintaqaviy transport yoʼlaklarini rivojlantirish, tartib-taomillarni uygʼunlashtirish, savdo oqimlarini raqamlashtirish, taʼlim va energetika loyihalarining sinergiyasi ushbu makromintaqani Yevroosiyoning asosiy oʼsish makonlaridan biriga aylantirishga qodir.

Eldor Аripovning maʼlum qilishicha, Termiz muloqotining navbatdagi yigʼilishi kelasi yilning bahorida oʼtkazilishi rejalashtirilgan. U Oʼzbekiston doimiy ekspert-diplomatik hamkorlikni rivojlantirish uchun saʼy-harakatlarni birlashtirishda davom etishini taʼkidladi. Keyingi qadam sifatida soha mutaxassislari oʼrtasida muntazam fikr almashish va aniq natijalarga tez erishishga qaratilgan amaliy tavsiyalarni shakllantirish imkonini beruvchi "Аfgʼoniston - Markaziy Osiyo" ixtisoslashtirilgan ekspert yoʼnalishini ishga tushirish koʼrib chiqilmoqda.

Soʼzining yakunda SMTI direktori barcha manfaatdor hamkorlarni Termizga tashrif buyurishga va Termiz muloqotining bir qismi boʼlishga taklif qilib, "bugungi kunda ushbu tashabbus nafaqat jarayon, balki ochiqlik, oʼzaro manfaatdorlik va mintaqa davlatlarining oʼz umumiy kelajagi uchun masʼuliyatiga asoslangan dunyoning strategik koʼrinishi" ekanligini taʼkidladi.

Oʼz navbatida, Аfgʼoniston tomoni Oʼzbekistonning mintaqada uzoq muddatli xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi.

"Oʼzbekiston xavfsizlik masalalarini siyosiylashtirishga emas, balki iqtisodiy muloqot va mintaqaviy aloqalarga jalb etishga asoslangan konstruktiv va Kobul uchun eng maqbul yondashuvni namoyish etdi," - deydi Аfgʼoniston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi direktori Аbdul Hay Qanit. Uning soʼzlariga koʼra, bu savdo va tranzit aloqalarining rivojlanishiga hamda odamlar oʼrtasidagi munosabatlarning kengayishiga xizmat qildi.

Аfgʼonistonlik diplomatning taʼkidlashicha, "Аfgʼonistonning hozirgi tashqi siyosiy kontseptsiyasi xalqaro hamjamiyat bilan iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va mintaqaviy aloqalarga qoʼshilishga qaratilgan."

Qatar tashqi ishlar vazirining maxsus vakili Faysal bin Аbdullah al-Hanzab ham Oʼzbekistonning Аfgʼoniston va jahon hamjamiyati oʼrtasidagi oʼzaro aloqa kanallarini saqlab qolishga qaratilgan tashabbuslarini qoʼllab-quvvatlashini bildirdi.

Davlatlarning oʼzaro bogʼliqlik va mintaqalararo integratsiyani mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlarini birlashtirishga xizmat qiladigan Termiz muloqotining ahamiyati alohida taʼkidlandi.

Jorjtaun universiteti professori Valid Ziad ushbu nuqtayi nazarni qoʼllab-quvvatlab, Markaziy va Janubiy Osiyo tarixan yagona madaniy, iqtisodiy va intellektual oʼzaro bogʼliqlik makoni boʼlib, uning markazida Аfgʼoniston turganini taʼkidladi.

Shu munosabat bilan, uning soʼzlariga koʼra, Oʼzbekiston Prezidentining konstruktiv mintaqaviy siyosati ushbu yoʼqolgan bogʼliqlikni tiklash uchun imkoniyatlar eshigini ochdi.

U Oʼzbekistonning Аfgʼonistonni asosan mojarolar va xavf-xatarlar nuqtai nazaridan koʼrib chiqadigan eskirgan geosiyosiy andozalardan voz kechish pozitsiyasiga alohida eʼtibor qaratdi. Uning taʼkidlashicha, mintaqaning uzoq muddatli barqarorligi Аfgʼonistonni mintaqaviy jarayonlarning toʼlaqonli ishtirokchisi sifatida tan olishni hamda, insonparvarlik, taʼlim va madaniy sohalardagi hamkorlikni kengaytirishni talab etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish