Logo

Dehlida YUNESKO Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish hukumatlararo qoʻmitasining 20-sessiyasi oʻz ishini boshladi

Dekabr 08, 2025. 20:03 • 3 daq

155
Dehlida YUNESKO Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish hukumatlararo qoʻmitasining 20-sessiyasi oʻz ishini boshladi
Dehlida YUNESKO Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish hukumatlararo qoʻmitasining 20-sessiyasi oʻz ishini boshladi

DEHLI, 8-dekabr. /“Dunyo” AA/. Hindiston poytaxtida bugun YUNESKO Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish hukumatlararo qoʻmitasining yigirmanchi sessiyasi ochildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Oʻzbekiston ushbu qoʻmita aʼzoligiga 2022–2026-yillarga saylangan.

Forum Hindistonda birinchi marta oʻtkazilmoqda va anjumanning YUNESKO Umumjahon merosi obyekti – tarixiy Qizil qalʼa majmuasi hududida tashkil etilgani ramziy maʼnoga ega. Mazkur tadbir uyushtirilgan hudud moddiy va jonli meros oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlikni alohida taʼkidlab turadi.

Sessiyada 185 dan ortiq mamlakatdan 1000 dan ziyod delegat ishtirok etishi kutilmoqda. Bu esa tadbirni madaniy anʼanalarni saqlash borasidagi muloqot uchun global maydonga aylantirmoqda.

Sessiya jonli merosni saqlash sohasidagi global siyosatni muhokama qilish, insoniyat nomoddiy madaniy merosining reprezentativ roʻyxatiga kiritish uchun yangi nominatsiyalarni koʻrib chiqish, shuningdek, noyob anʼana va amaliyotlarni ommalashtirish va himoya qilish bilan bogʻliq masalalarni muhokama qilish uchun asosiy platforma boʻlib xizmat qiladi.

Yirik xalqaro anjuman boy dasturi doirasida Oʻzbekiston madaniy merosiga bagʻishlangan muhim sayd-iventlar rejalashtirilgan.

Chorshanba kuni qoraqalpoq jirovi xalq dostonchilik sanʼati va qoʻbiz cholgʻu asbobiga bagʻishlangan maxsus kecha boʻlib oʻtadi. Qoraqalpoq xalqining maʼnaviy va tarixiy merosi boʻlgan ushbu epik qoʻshiqchilik anʼanasi keng xalqaro jamoatchilikka taqdim etiladi.

Bundan tashqari, qoʻmita muhokamasiga qoraqalpoq oʻtovini tayyorlash boʻyicha anʼanaviy bilim va koʻnikmalar elementini Insoniyat nomoddiy madaniy merosining reprezentativ roʻyxatiga kiritish masalasi qoʻyilgan. Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston tomonidan ilgari surilgan mazkur transmilliy nominatsiya mintaqa koʻchmanchi xalqlari madaniy anʼanalarining ahamiyati va umumiyligini namoyon etadi.

Oʻzbekistonning sessiya ishida faol ishtirok etishi mamlakatimizning YUNESKO bilan jadal rivojlanib borayotgan hamkorligining yorqin ifodasidir.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning izchil saʼy-harakatlari tufayli soʻnggi yillarda oʻzaro sheriklikni mustahkamlashda salmoqli yutuqlarga erishildi. Davlatimiz rahbari Oʻzbekistonning buyuk merosini xalqaro maydonda targʻib qilish muhimligini koʻp bora taʼkidlab kelmoqda, bu esa shashmaqom, lazgi, askiya, shuningdek, atlas va adras toʻqish anʼanalari hamda boshqa elementlarni YUNESKO roʻyxatlariga kiritish uchun qulay imkoniyatlar yaratdi.

Oʻzaro hamkorlikning yuqori darajasining alohida tasdigʻi sifatida 2025-yil 30-oktyabr — 13-noyabr kunlari Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi oʻtkazilganini urgʻulash mumkin. Bu bilan YUNESKOning oliy rahbar organi boʻlgan Bosh konferensiya sessiyasi 40-yil davomida birinchi marta Parij shahri tashqarisida tashkil etildi hamda jahon hamjamiyati tomonidan Oʻzbekistondagi islohotlar va uning xalqaro madaniy-maʼrifiy muloqotdagi faol rolini tan olinganini yaqqol koʻrsatdi.

Samarqand sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev nomoddiy madaniy merosni saqlash borasidagi saʼy-harakatlarni kuchaytirish, “Jahon xotirasi” dasturini kengaytirish, Xalqaro hujjatli meros kunini taʼsis etish va boshqa qator muhim global tashabbuslarni ilgari surdi.

Oʻzbekistonning oʻz madaniy tashabbuslari bilan Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish hukumatlararo qoʻmitasining 20-sessiyasida ishtirok etishi mamlakatimizning YUNESKO doirasidagi faol va bunyodkorlik rolining mantiqiy davomi boʻldi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Samandar Xodjiyev

samandar@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish