Mojaroning to'rtinchi kunida Eronda 240 kishidan ortiq Isroilda esa kamida 24 kishi halok bo'ldi
Iyun 16, 2025. 18:48 • 3 daq
• 43
TOSHKENT, 16-iyun./"Dunyo" AA/. Isroil va Eron o'rtasidagi mojaro to'rt kundan beri davom etmoqda va har ikki tomon ham hujumlarni kuchaytirmoqda, deb xabar beryapti "Dunyo" AA muxbiri.

Eron Sog'liqni saqlash vazirligi so'nggi uch kun ichida Isroilning mamlakatga bergan zarbalari natijasida 244 kishi halok bo'lganini tasdiqladi. Shuningdek, 1250 dan ortiq kishi turli tan jarohatlari bilan shifoxonalarga yotqizilgani qayd etildi.
Isroilda harbiy mojaro boshlanganidan beri kamida 24 kishi halok bo'lgan va 592 kishi yaralangan. 16-iyunga o'tar kechasi Eron Isroilning Bat-Yam va Xayfa shaharlariga, shuningdek, mamlakat poytaxtiga zarba berdi. AQShning Isroildagi elchisi Mayk Xakkabining aytishicha, Eron raketasi Tel-Avivdagi elchixona binosi yaqiniga kelib tushgan va binoga kichik zarar yetkazgan.
Isroil Mudofaa kuchlari (SAXAL) Eron razvedka xizmatining to'rt nafar yuqori martabali zobitini, jumladan Islom inqilobi qo'riqchilari korpusi razvedka boshqarmasi boshlig'i, general Muhammad Kazimi hamda uning o'rinbosari va yana bir generalni o'ldirganini ma'lum qildi.
SAXAL, shuningdek, Tehron yaqinida "Eron rejimining raketa uchiruvchilarining uchdan bir qismi"ni tashkil etuvchi kamida 120 ta raketa uchirgichni hamda u bilan ishlayotgan qo'shinlarni yo'q qilganini ta'kidlamoqda.
Mudofaa vaziri Israel Kasning aytishicha, Eron poytaxti aholisi Eronning Isroilga qilgan halokatli javob zarbalari uchun "tez orada badal to'laydi".
Yamandan raketa uchirilishi ortidan Isroil Janubiga havo hujumi haqida ogohlantirish berildi. Xusiylar jangari guruhi Eron bilan kelishilgan holda Isroilning markaziy Yaffa shahriga bir necha ballistik raketa bilan zarbalar berganini ma'lum qilgan. Bu guruh Tehron bilan hamkorlikni birinchi marta oshkora e'lon qildi.
Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, Isroil jurnalistlarga ruxsatsiz chop etish taqiqlangan mavzular ro'yxatini, jumladan, armiya bazalari va harbiy infratuzilmaga yetkazilgan zarar haqidagi ma'lumotlarni yuborgan.
Eron Prezidenti Masud Pezeshkian parlament yig'ilishida so'zga chiqib, barcha eronliklarni "birlashishga, sobit bo'lishga va Eron duch kelayotgan jinoiy tajovuzga qarshi turishga" chaqirdi. Davlat rahbarining qayd etishicha, Tehron tomonidan yadro quroli yaratish tarafdori bo'lganlarga mamlakat siyosatida o'rin yo'q.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi "Agar Isroil Tehronga qarshi harbiy operatsiyani to'xtatsa, Eron rasmiylari javob zarbalarini to'xtatadi", dedi.
Eron matbuotiga ko'ra, Eron tomoni AQSh va Isroil bilan aloqalarga vositachilik qilayotgan Qatar va O'monga "Isroil zarbalariga duch kelayotgan bir paytda o't ochishni to'xtatish bo'yicha muzokaralarga tayyor emasligi" haqida ma'lum qilgan.
AQSh Prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning ushbu mojaroda vositachi sifatida ishtirok etish variantini ko'rib chiqishga tayyorligini aytdi. "U menga qo'ng'iroq qildi. Biz bu haqda uzoq vaqt gaplashdik", – dedi davlat rahbari hamda AQShning Isroil va Eron o'rtasidagi mojaroga aralashishini istamasligini ta'kidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Buyuk Britaniya bilan yangi aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi
O‘zbekiston bojxonachilari Jahon bojxona tashkiloti seminarida qatnashdi