O'zbekistonlik talabalarning birinchi guruhi Lusail universitetida o'qish uchun Qatarga yetib keldi
Sentabr 11, 2024. 09:44 • 2 daq
• 1290
DOXA, 11-sentabr. /"Dunyo" AA/. To'rt nafar o'zbekistonlik talaba Qatardagi nufuzli oliy ta'lim muassasalaridan biri — Lusail universitetida (LU) o'qish uchun Doxaga yetib keldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ushbu talabalar Qoraqalpog'iston Respublikasi, Namangan viloyati va Toshkent shahridagi oddiy oilalardan tanlab olingan. Ular IELTS imtihonini baholash tizimi bo'yicha yuqori ball to'pladi va tanlov asosidagi saralash jarayonidan o'tishdi. Talablarning ushbu mamlakatda o'qishi O'zbekiston Respublikasining Qatardagi elchixonasi va Lusail universiteti o'rtasidagi kelishuvlar doirasida amalga oshirilmoqda. Kelishuvga ko'ra, Qatar taraqqiyot jamg'armasi O'zbekiston talabalarining o'qishi uchun grant ajratdi.
Talabalar bakalavriat darajasini olish uchun biznes va tijorat, logistika va pedagogika kabi yo'nalishlarda 4 yil o'qiydilar. Bu ularga malakali va talabchan mutaxassis bo'lib yetishish imkonini beradi hamda kelgusida kasbiy o'sish va muvaffaqiyatli martaba uchun zarur bilim va ko'nikmalarni egallashga ko'mak beradi.
Ta'kidlash kerakki, talabalar o'rtasida o'tkazilgan tanlovda gender tengligi katta e'tibor qaratildi. Ya'ni ikki nafar qizga ta'lim grantlari ajratildi. Bunday yondashuv mamlakatimiz rahbariyatining kelajak avlodni, ayniqsa, qizlarni sifatli tarbiyalash va munosib ta'lim-tarbiya olishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish borasidagi sa'y-harakatlarining yaqqol tasdig'i bo'ldi.
O'zbekiston Prezidenti joriy yil 7-mart kuni Toshkent shahrida bo'lib o'tgan 8-mart - Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag'ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasida ta'kidlaganidek, "...ayollarning, xususan, qiz bolaning o'qib, oliy ma'lumotli bo'lishi, kasb-hunar egallashi oila baxti, farzandlar kamoli uchun, shu asosda butun jamiyat ravnaqi uchun xizmat qiladi".
2020-yil aprel oyida ochilgan Lusail universiteti Qatarning birinchi xususiy milliy oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi. Bugungi kunda ushbu ta'lim dargohida 56 davlatdan 4 mingdan ortiq yoshlar tahsil olmoqda, buning natijasida universitet talabalar soni bo'yicha Qatarda 3-o'ringa ko'tarildi. Lusail universiteti 15 ta bakalavriat dasturlari va 4 ta magistrlik darajasini taklif etadi. Universitet dunyoning yetakchi ta'lim muassasalari, jumladan Parijdagi Pantheon Sorbonne universiteti bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o'rnatgan.
Qatarda tahsil olayotgan o'zbekistonlik talabalar soni ham ortib bormoqda. Ular o'qishni tamomlab, Vatanga qaytib, hududlar rivojiga katta hissa qo'shishi kutilmoqda. Ta'lim sohasidagi hamkorlik dasturi O'zbekiston va Qatar o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga, ikki davlatning bo'lajak yetakchilari o'rtasida mustahkam do'stlik va o'zaro anglashuv ko'priklarini shakllantirishga yordam beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Buyuk Britaniya bilan yangi aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi
O‘zbekiston bojxonachilari Jahon bojxona tashkiloti seminarida qatnashdi