Logo

Malayziyaning Jorjtaun shahrida "Yangi O'zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo'li" kitobining taqdimoti o'tkazildi

Oktabr 06, 2025. 10:12 • 2 daq

237
Malayziyaning Jorjtaun shahrida "Yangi O'zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo'li" kitobining taqdimoti o'tkazildi

JORJTAUN, 6-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Malayziyaning Pinang shtati poytaxti Jorjtaun shahrida siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning "Yangi O'zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo'li" nomli kitobining taqdimoti o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda Malayziyaning siyosiy va akademik doiralari, diplomatik korpus vakillari va fuqarolik jamiyati faollari ishtirok etdi.

Mamlakatimiz elchisi Karomiddin Gadoyev mazkur kitobning yozilishi, uning asosiy mazmunini qamrab olgan davlatimiz rahbarining xalqparvar siyosati, yurtimizda olib borilayotgan izchil islohotlar va muallif haqida so'zlab berdi.

Kitobdan o'rin olgan, muallifning 2017-2025-yillarda o'zbek va jahon matbuotida chop etilgan 15 dan ortiq publitsistik maqolalari va ularda Yangi O'zbekistondagi islohotlarni o'ziga xos tarzda chuqur tahlil etilgani alohida ta'kidlab o'tildi.

Malayziyalik siyosatchi va tahlilchilar mamlakatdagi siyosiy va ijtimoiy o'zgarishlar ko'lamini e'tirof etgan holda, ularning ta'siri milliy chegaralardan tashqariga chiqib, butun Markaziy Osiyo mintaqasi bo'ylab barqaror rivojlanishga xizmat qilayotganini ta'kidladilar.

Xususan, mazkur kitobga kiritilgan "Mintaqa bahori" sarlavhali maqolada davlatimiz rahbarining tashabbuskorligi va siyosiy irodasi sababli so'nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari o'ziga xos raqobat va ziddiyatlar qurshovidan chiqa olgani hamda O'zbekiston yetakchisining sa'y-harakatlari samarasi o'laroq, mintaqada butunlay o'zgacha, ya'ni do'stona muhit vujudga kelgani urg'ulangan.

Bu o'z navbatida, Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari va "Markaziy Osiyo +" formatlarida yaqqol namoyon bo'lib, mintaqa o'z oldida turgan dolzarb chaqiriq va muammolarga hamjihatlikda yechim topmoqda.

Qo'shni davlatlar bilan chegara muammolarining uzil kesil hal etilishi esa Markaziy Osiyoda diplomatiyaning tarixiy yutug'i bo'ldi.

Taqdimotdan so'ng "Bahor" davlat raqs ansambli o'zining milliy madaniyatimiz va Yangi O'zbekistonni tarannum etuvchi kuy-qo'shiqlarini taqdim etdi.


Ooi Chok Yan, Malayziyaning Pinang shtati administratsiyasi vakili:

– Kitob taqdimotida ishtirok etib, O'zbekiston Prezidenti yuksak qarashlar egasi ekanligiga yana bir bora amin bo'ldim. Yurtingizda qisqa muddatda amalga oshirilgan va erishilgan yuqori natijalar e'tirofga loyiq. Men O'zbekiston va uning yetakchisi haqida ushbu qimmatli kitob orqali ko'proq bilib olish niyatidaman.


Eriye Van, ekspert:

– O'zbekiston Prezidenti faoliyati haqidagi kitob taqdimotida ishtirok etganimdan xursandman. Kitobda O'zbekiston Prezidenti sa'y-harakatlari bilan yurtingizga olib borilayotgan chuqur islohotlar haqidagi qiziqarli maqolalar taqdim etilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O'zbekiston va Malayziya o'rtasidagi munosabatlarning yanada yaqinlashuviga sabab bo'ldi, deya ayta olaman.

Keng ko'lamli islohotlar, jumladan malayziyaliklar uchun vizasiz rejimning joriy etilishi bizni xursand qildi. Chunki malayziyaliklar O'zbekiston va uning boy tarixiga juda qiziqadi. Endilikda biz O'zbekiston orqali nafaqat mamlakatingizni, balki butun Markaziy Osiyoni yaqindan taniyapmiz.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish