Janubiy Koreyada yangi Bosh vazir tayinlandi
Iyul 04, 2025. 16:49 • 53 soniya
• 50
SEUL, 4-iyul. /"Dunyo" AA/. Janubiy Koreya Milliy Assambleyasi (parlament) Prezident Li Chje Myon tomonidan ilgari surilgan Kim Min Sok nomzodini mamlakat Bosh vaziri lavozimiga tasdiqladi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Yonhap" axborot agentligi ma'lumotiga ko'ra, Kim Min Sok nomzodini ma'qullab 173 nafar deputat ovoz bergan, uch nafar deputat qarshi chiqqan, yana uchta byulleten haqiqiy emas deb topilgan.
Ta'kidlanishicha, ovoz berishda faqat hukmron Birlashgan demokratik partiyasi (BDP) va kichik partiyalar vakillari qatnashgan, muxolifat unda ishtirok etishni rad etgan.
BDPning parlamentdagi sobiq deputati, faxriy qonunchi va Li Chje Myonning siyosiy ittifoqdoshi 61 yoshli Kim Min Sok qariyb bir oy avval mamlakat Bosh vaziri lavozimiga nomzod qilib ko'rsatilgan edi.
Janubiy Koreya Prezidenti parlamentdagi ovoz berish jarayonidan keyin uni rasman Bosh vazir etib tayinladi.
Jurnalistlar bilan suhbatda u "zolim kuchlar" keltirib chiqargan "iqtisodiy inqirozni yengib o'tish" ustuvor vazifa bo'lishini ta'kidladi.
Janubiy Koreyada muddatidan oldin o'tkazilgan prezidentlik saylovlarida g'alaba qozongan Prezident Li Chje Myon yangi hukumatni tuzdi va o'n bitta vazirlikka yangi rahbarlarni tayinladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi