Logo

O'zbekiston maktab o'quvchilari Janubiy Koreyada bo'lib o'tayotgan "Xalqaro bolalar san'ati almashinuvi ko'rgazmasi-2025"da faol ishtirok etmoqda

Iyun 16, 2025. 14:15 • 2 daq

676
O'zbekiston maktab o'quvchilari Janubiy Koreyada bo'lib o'tayotgan "Xalqaro bolalar san'ati almashinuvi ko'rgazmasi-2025"da faol ishtirok etmoqda

SEUL, 16-iyun. /"Dunyo" AA/. Sirdaryo viloyati Madaniyat boshqarmasi tasarrufidagi 1-son bolalar musiqa va san'at maktabi o'quvchilari Pyontek shahrida o'lib o'tayotgan "Xalqaro bolalar san'ati almashinuv ko'rgazmasi-2025"da muvaffaqiyatli ishtirok etayaptilar, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 Yurtimiz o'quvchilarining mazkur festivalda ishtiroki mamlakatimizning Janubiy Koreyadagi elchixonasi, O'zbekiston Badiiy akademiyasi va boshqa hamkor tashkilotlar ko'magida uyushtirildi.

Pyontek shahri hokimiyati va mazkur shahar Xalqaro almashinuv fondi tomonidan tashkil etilgan ko'rgazmada 33 mamlakat o'quvchilarining 280 ga yaqin san'at asarlari namoyish etilmoqda.

Joriyda yilda mazkur ko'rgazmaning 35 yilligi nishonlanishi munosabati bilan hamda kelajak avlodlar uchun yana-da tinch dunyo yaratish maqsadida tashkilotchilar tomonidan "Dunyomiz uchun tinchlik" mavzusi tanlandi.

O'zbekiston maktab o'quvchilarining "Xalqaro bolalar san'ati ko'rgazmasi" uchun jami 14 ta asari tanlab olingan bo'lib, ularda dunyoda tinchlikni asrash, urushga qarshi murosasiz munosabat va insonlar o'rtasida totuvlikni targ'ib qiluvchi mazmunli g'oyalar o'z ifodasini topgan. Bu asarlar orqali yurtimiz bolalari global hamjihatlik, mehr-oqibat va insonparvarlik qadriyatlariga sodiq ekanini namoyon etmoqda.

Tadbir Xalqaro almashinuv fondi tomonidan har yili o'tkaziladi va u Pyontek aholisi va mehmonlari uchun san'at orqali turli dunyo madaniyatlarini o'rganish hamda ishtirokchi mamlakatlar va mazkur shahar o'rtasida madaniy almashinuvni rivojlantirish uchun qulay imkoniyat yaratadi.

"Xalqaro bolalar san'ati almashinuv ko'rgazmasi-2025" 11-iyulga qadar davom etadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish