Toshkent xalqaro investitsiya forumi 8-ming delegat ishtirokida o'z ishini boshlaydi
Iyun 09, 2025. 17:01 • 2 daq
• 149
TOSHKENT, 9-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov bugun davlatimiz rahbarining joriy haftadagi ish rejasi haqida ma'lumot berdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Bu hafta mamlakatimiz tashqi siyosiy va iqtisodiy hayotida muhim voqealar juda ko'p, dedi matbuot kotibi.
Eng muhim ma'lumotlar:
– Prezident Shavkat Mirziyoyev Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso bilan muzokaralar o'tkazdi. O'zbekiston bilan Slovakiya o'rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko'tarildi;
– ertaga davlatimiz rahbari Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radev bilan muzokaralar o'tkazadi;
– Bugun Toshkent xalqaro investitsiya forumi o'z ishini boshlaydi. Unda 8 ming nafar delegat, shu jumladan 100 ga yaqin davlatdan 3 mingga yaqin xorijiy mehmon ishtirok etishi kutilmoqda.
Jumladan, Bolgariya Prezidenti Rumen Radev, Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso, Qozog'iston Bosh vaziri Oljas Bektenov, Qirg'iziston Vazirlar Mahkamasi raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Adilbek Kasimaliyev, Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadov, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o'rinbosari Nokerguli Ataguliyev, shuningdek, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti amaldagi raisi, Finlyandiya tashqi ishlar vaziri Elina Valtonen, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, BRIKS Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusef va boshqalar qatnashadi;
– forumda mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq so'zlaydi. Davlatimiz rahbari global xavfsizlik chaqiriqlari jahon iqtisodiyotiga o'tkazayotgan ta'siri tendensiyalarini hisobga olib, hamkorlikning asosiy tamoyillari hamda O'zbekistonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy dasturining asosiy yo'nalishlari bo'yicha o'z fikrlarini bildiradi.
– forum doirasida birinchi marta Milliy ko'rgazma bo'lib o'tadi;
– 11-iyun kuni O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining 3-yalpi majlisi bo'lib o'tadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi