Odete Mushimpua: O'zbekistonda olib borilayotgan siyosat va islohotlar, shuningdek, inson omiliga e'tibor investitsiyalarni jalb qilishga yordam bermoqda
Iyun 12, 2025. 12:27 • 3 daq
• 65
TOSHKENT, 12 iyun. /"Dunyo" AA/. Jahon bankining suv va kanalizatsiya bo'yicha mutaxassisi Odete Mushimpua "Dunyo" AA uchun intervyusida 9-12 iyun kunlari O'zbekiston poytaxtida bo'lib o'tayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumining ahamiyati haqida fikrlari bilan o'rtoqlashdi:

– O'zbekistonda biz ayni paytda Qoraqalpog'iston, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarini qamrab oluvchi suv ta'minoti va institutsional rivojlanishni qo'llab-quvvatlash loyihasini amalga oshiryapmiz. Biz ushbu hududlarda suv ta'minoti va kanalizatsiyani yaxshilash uchun taxminan 250 million dollar miqdorida sarmoya kirityapmiz.
Avvalo, infratuzilma zarur. Ammo infratuzilmaning o'zi bilan cheklanib qolmaslik kerak – uni samarali boshqarish uchun inson resurslarini ham rivojlantirish lozim. Buning uchun, albatta, moliyalashtirish talab etiladi. "O'zsuvta'minot" AJ o'z strategiyasi ustida ishlamoqda va bu strategiya bizga sektorni rivojlantirish uchun zarur resurslarni yo'naltirish imkonini beradi.
O'zbekiston Prezidenti investitsiyalarni jalb qilish borasida chinakam yetakchi. Hukumat tomonidan olib borilayotgan siyosat va islohotlar, shuningdek, odamlarga bo'lgan e'tibor bularning barchasi investitsiyalarni jalb qilishga yordam bermoqda.
Suv sektori nuqtai nazaridan aytganda, biz hukumatning yuqori darajadagi ishtirokini, infratuzilma loyihalarini ilgari surish, ko'nikmalarni rivojlantirish va ayniqsa, xizmat ko'rsatishda kompleks yondashuv yaratish borasidagi harakatlarini ko'rib turibmiz. Prezident tomonidan ilgari surilayotgan bunday integratsiyalashgan yondashuv sektor ko'rsatkichlarini yaxshilashga yordam bermoqda.
Yaqinda biz Samarqandda "O'zsuvta'minot" AJning barcha 14 ta hududiy filiallari ishtirokida seminar o'tkazdik va strategiya masalalarini muhokama qildik. Jahon banki o'zining bu boradagi yordamga tayyor ekanligini tasdiqladi.
"O'zsuvta'minot" AJ boshqa xalqaro rivojlanish institutlari bilan hamkorlik va xususiy sektor ishtiroki orqali taxminan 1,7 milliard dollar miqdorida investitsiyalarni safarbar qilmoqda. Bu kompaniya strategiyasini amalga oshirish uchun zarur bo'lgan moliyaviy ehtiyojlarni qoplashga yordam beradi.
2030 yilga borib, O'zbekistonda aholining kamida 95 foizini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta'minlash rejalashtirilgan. Bu — juda katta, ambitsiyali maqsad va unga erishish uchun biz hammamiz birgalikda harakat qilishimiz, "O'zsuvta'minot" AJ bilan yaqin yaqin hamkorlikda ishlashimiz zarur.
Jahon banki aynan shu loyihani tanladi. Birinchidan, chunki mamlakat islohotlar yo'lida to'g'ri yo'nalishda harakat qilmoqda. Ijobiy muhit yaratilmoqda. Shunday sharoitda resurslar kiritilsa, ular tezda real xizmatlarga aylanishi mumkin.
Ikkinchidan, hukumatda aniq strategiya mavjud. Strategiya va aniq yo'nalish bo'lsa, hamkorlar uchun ulanish va yordam ko'rsatish osonlashadi.
Uchinchidan, biz "O'zsuvta'minot" AJning so'nggi yillarda sezilarli darajadagi o'sishini kuzatyapmiz. Masalan, biz moliyalashtirayotgan "WASES" loyihasiga qarang – u uchta hududda amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda, masalan, Kattaqo'rg'on shahrida bu loyiha faol ravishda hayotga tadbiq etilyapti. Bu biz esa allaqachon hamkorlik qilayotgan ishonchli sherik va kelgusida ham birgalikda ishlashga tayyormiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi