Polsha OAV: O'zbekiston iqtisodiy jihatdan xavfsiz mamlakat
Iyun 17, 2025. 18:02 • 2 daq
• 84
VARSHAVA, 17-iyun. /"Dunyo" AA/. Polshaning nufuzli "www.bankier.pl" va "www.wnp.pl" elektron portallarida "Polshalik investor: joriy va keyingi yil O'zbekistonga investitsiya kiritish uchun eng qulay vaqt" sarlavhali maqolalar e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ularda O'zbekistonda so'nggi yillarda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va joriy hamda kelasi yillar mamlakatimizga investitsiya kiritish uchun eng yaxshi davr ekanligi ta'kidlangan.
"O'zbekistonda bir necha yildan buyon izchil islohotlar dasturi amalga oshirilmoqda, uning elementlaridan biri xususiylashtirish, jumladan energetika sohasini xususiylashtirishdir. Bu imkoniyatdan foydalanib, biz davlat energetika kompaniyasini sotib olishga qaror qildik", – deya "Equnico" guruhi prezidenti Kshishtof Dlugosh so'zlaridan iqtibos keltirilgan maqolalarda.
Polshalik investor, shuningdek, O'zbekistonni iqtisodiy jihatdan xavfsiz mamlakat, deb ta'riflagan. "Bu yerda arzon ishchi kuchi va energiyadan foydalanish imkoniyati ta'minlangan. Soliq darajasi esa past. Eng asosiysi – investitsiyalarning yuqori rentabelligi, bu o'z navbatida butun loyihaning samaradorligini kafolatlaydi. Yana bir muhim jihat, O'zbekiston energetika tizimini modernizatsiya qilish dasturi asosida, "yashil" energiyaga o'tishga alohida urg'u bermoqda", – deyilgan materiallarda.
Qayd etilishicha, O'zbekiston quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurishga juda katta investitsiyalarni jalb qilmoqda.
"Bundan tashqari, O'zbekiston boy tabiiy resurslarga, yosh aholiga va ko'plab mamlakatlar orzu qila oladigan yuqori tug'ilish darajasiga ega. Birgina o'tgan yilning o'zida bu 37 millionlik mamlakatda deyarli bir million bola tug'ildi. Bularning barchasi O'zbekistonni ko'p yillar davomida jadal rivojlanish kutayotganini anglatadi va Polsha kompaniyalari bu imkoniyatni qo'ldan boy bermasliklari kerak", – deb yozilgan Polsha OAV tarqatgan maqolalar intihosida.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi