Pokistonlik tadbirkorlar Zomin tumanida istiqbolli qo'shma loyihalarni amalga oshiradi
Aprel 24, 2025. 19:26 • 2 daq
• 143
ZOMIN, 24-aprel. "Dunyo" AA/. Jizzax viloyatining Zomin tumanida o'tkazilgan "Jizzax-2025" xalqaro biznes-forumida Pokiston ishbilarmon doiralari vakillari faol qatnashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Pokiston delegatsiyasi tarkibida farmatsevtika, to'qimachilik, teri sanoati, tayyor kiyim-kechak, gugurt ishlab chiqarish, kimyo sanoati va boshqa yo'nalishlarda faoliyat yurituvchi yetakchi kompaniyalar vakillari yurtimizga keldi.
Forumning birinchi kunida Pokiston va O'zbekiston tadbirkorlari o'rtasida "G2B" va "B2B" shakllarida uchrashuvlar tashkil etildi. Ularda qator yo'nalishlarda qo'shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, O'zbekistonning "Ideal Textile Orzu" kompaniyasi "Diners" kompaniyasi bilan biznes aloqalarini o'rnatish, Pokistonga yarim tayyor mahsulotlarni eksport qilish va tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish bo'yicha kelishib oldi.
Shuningdek, O'zbekistonda uy tekstili va choyshab mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish borasida tomonlarning aniq rejalari muvofiqlashtirildi.
Zomin tumani hokimligi rahbariyati va Pokistonning "Fazal Cloth Mill" kompaniyasi o'rtasida bo'lib o'tgan muzokaralarda tumanda to'qimachilik korxonasini tashkil etish, mayda shohli qoramol ko'pligini inobatga olib, teri va junni qayta ishlash, undan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo'yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek,"Fatima Group" kompaniyasi bilan Zomin tumani tog' hududida ekoturizm obyektlarini tashkil etish, "Broadpeak" kompaniyasi bilan esa tumanida 50 o'rinli zamonaviy mehmonxona qurish loyihasiga investitsiya kiritish masalalari ko'rib chiqildi.
"Getz Pharma", "Herbion Naturals" va "Glitz Pharma" farmatsevtika kompaniyalari bilan Zominda yetishtirilgan dorivor o'simliklar eksportini yo'lga qo'yish, yaqin istiqbolda import o'rnini bosuvchi dori vositalarini ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish, Jizzax viloyatida tibbiy xodimlarni o'qitish va sog'liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish bo'yicha hamkorlik qilish, tuman hududidagi maxsus ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda fitoterapiya va dorivor o'simliklar bo'yicha o'quv kurslarini uyushtirishga kelishildi.
Mahalliy mahsulotlarni saqlash va eksport qilishga yo'nalishida Pokistonning "TPBS" kompaniyasi bilan Zomin tumanida zamonaviy sovitish ombori va logistika markazini qurish tashabbusi ilgari surmoqda.
Pokistonlik tadbirkorlar uchun Jizzax viloyatining investitsiya salohiyati, yer maydonlari, sanoat zonalari, mavjud imtiyozlar va infratuzilma imkoniyatlari haqida taqdimot o'tkazildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi