Misr kompaniyasi O'zbekistonda yangi ish o'rinlarini yaratish va ijtimoiy loyihalarda faol ishtirok etmoqda
Sentabr 07, 2025. 11:06 • 2 daq
• 127
QOHIRA, 7-sentabr. /"Dunyo" AA/. Misrning "In2Metals" kompaniyasi tomonidan O'zbekistonda tashkil etilgan "Copper Mining" chet el korxonasi 2024-2029-yillarda Navoiy viloyati Uchquduq tumanidagi "Shimoliy Bukantau" hududida mis zaxiralarini o'rganish maqsadida 300 million dollarlik investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

Shundan 20 million dollari geologiya-qidiruv ishlariga yo'naltirilgan. Xususan, 2024-yil sentabr oyidan boshlab Orazali, Qangashar, Smetana va Toshbaqa uchastkalarda minerallashgan zonalar aniqlanib, 2025-yilda tadqiqotlar Qoramurun, Drevniy, Akrar va Qorabuloq uchastkalarini qamrab oldi. Geofizika, geoximiya, burg'ulash va 3D modellashtirish kabi ilg'or texnologiyalar asosida olib borilgan ishlar mahalliy "Qizilqum Pardoz" kompaniyasi bilan hamkorlikda, JORC va NI 43-101 xalqaro standartlariga muvofiq amalga oshirilmoqda. Bu hududlar oltin, mis, molibden, volfram, kumush va boshqa noyob metallarga boy.
O'zbekistonning Misrdagi elchixona tashabbusi bilan "Copper Mining" chet el korxonasi yurtimizda nafaqat geologiya-qidiruv ishlariga, balki mahalliy aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan ijtimoiy tashabbuslarda ham faol ishtirok etmoqda.
Xususan, 2024-yilda Qulquduq qishlog'ida hammom ta'mirlandi, ichimlik suvi uchun quduqlar qazildi, maktablarga kitob taqdim etildi.
2025-yilda 300 million so'mlik grant mablag'lari asosida ta'lim, maishiy sharoitni yaxshilash va bandlikni qamrab olgan yangi dasturlar amalga oshirilishiga kelishildi.
Shuningdek, umumiy 195 million so'm investitsiya asosida amalga oshiriladigan "Qulquduq" ichimlik suvi loyihasi doirasida yangi quduqlar qurishga tegishli litsenziyalar olindi.
Bundan tashqari, kompaniya Toshkent Geologiya universiteti talabalari uchun amaliyot dasturini yo'lga qo'yib, 2025-yil iyul oyida 11 nafar yosh mutaxassisni o'quv-ishlab chiqarish amaliyotiga jalb etildi hamda 8 nafar bitiruvchini doimiy ish bilan ta'minladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi