Farg'ona viloyatida Shri-Lanka sarmoyasi ishtirokida jahonga mashhur "H&M" brendi uchun tayyor kiyim ishlab chiqarishga ixtisoslashgan fabrika ishga tushirildi
Sentabr 12, 2025. 14:46 • 2 daq
• 149
FARG'ONA, 12-sentyabr. /"Dunyo" AA/. Farg'ona viloyatining Qo'shtepa tumanida yana bir zamonaviy loyiha – Shri-Lanka investitsiyalari ishtirokida "Innovative Apparel" trikotaj fabrikasi ishga tushirildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekistonda to'qimachilik sohasini rivojlantirish, to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ushbu yo'nalishdagi faoliyat natijasida Farg'ona viloyatining Qo'shtepa tumanida yana bir zamonaviy loyiha – Shri-Lanka investitsiyalari ishtirokida "Innovative Apparel" trikotaj fabrikasi ishga tushirildi.
Loyihaning umumiy qiymati 15 million AQSH dollariga teng bo'lib, zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilgan. Korxona xalqaro miqyosda e'tirof etilgan "H&M" brendi uchun tayyor kiyim ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Mahsulotlar ichki va tashqi bozorlarga yo'naltirilgan. Ayni paytda Rossiya, Pokiston, Qozog'iston, Birlashgan Arab Amirliklari, Eron va Qirg'iziston kabi davlatlarning yirik kompaniyalari bilan savdo shartnomalari imzolangan.
Fabrika faoliyati yo'lga qo'yilishi natijasida 500 dan ortiq yangi ish o'rinlari ochildi. Loyiha to'liq ishga tushirilganidan keyin ish o'rinlari soni 3,5 ming nafarga yetishi kutilmoqda. Korxona rahbariyati ishchilar uchun qulay mehnat sharoitlari yaratish maqsadida ta'lim markazlari va tibbiy xizmat ko'rsatish punktlarini tashkil etishni ham rejalashtirmoqda.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko'ra, fabrika to'liq quvvatga chiqqach, yillik eksport hajmi 30 million AQSH dollariga yetadi. Bu nafaqat mahalliy aholi uchun minglab ish o'rinlarini yaratish, balki mamlakatimiz tashqi savdo aylanmasiga sezilarli hissa qo'shish imkonini beradi.
Ushbu loyiha O'zbekistonda to'qimachilik va yengil sanoat sohasida zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish, mahsulot turlarini diversifikatsiya qilish va xalqaro bozorda milliy brendlarni mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Mamlakatimiz rahbari tomonidan belgilangan ustuvor vazifalardan biri – mahalliy ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, to'g'ridan-to'g'ri xorijiy sarmoyalarni jalb etish va eksportbop mahsulotlar hajmini oshirishdan iborat.
Farg'onada ishga tushirilgan mazkur fabrikani ana shu maqsadlarga erishish yo'lidagi muhim qadamlardan biri sifatida qayd etish mumkin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi