Logo

Toshkentda MDH tarixida ilk bor Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligiga a'zo davlatlar mintaqalarining birinchi forumi bo'lib o'tdi

May 01, 2025. 09:34 • 3 daq

98
Toshkentda MDH tarixida ilk bor Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligiga a'zo davlatlar mintaqalarining birinchi forumi bo'lib o'tdi

TOSHKENT, 1-may. /"Dunyo" AA/. Shu yil 29-aprel kuni Toshkent shahrida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan MDH tarixida ilk bor Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligiga a'zo davlatlar mintaqalarining birinchi forumi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) ma'lumotiga ko'ra, unda Hamdo'stlikka a'zo mamlakatlarning vakillik delegatsiyalari va MDH Ijroiya qo'mitasi delegatsiyasi ishtirok etdi.

Tadbirda O'zbekiston delegatsiyasi rahbari – O'zbekiston Bosh vazirining o'rinbosari Jamshid Xo'jayev qutlov nutqi bilan so'zga chiqib, MDH mamlakatlari iqtisodiyotini rivojlantirish uchun umumiy tajriba va ishonchga asoslangan o'zaro manfaatli hududlararo sheriklik va barqaror ishbilarmonlik aloqalarini yo'lga qo'yish muhimligini alohida ta'kidladi.

So'nggi 5 yilda O'zbekistonning MDH davlatlari bilan tashqi savdo aylanmasi qariyb ikki baravarga o'sdi va 2024-yil yakuniga ko'ra 23 milliard dollardan ortiqni tashkil etdi. O'zbekiston hududlarida Hamdo'stlik davlatlari kapitali ishtirokidagi 5,5 ming kompaniya muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

MDH davlatlarining viloyat, shahar va tumanlarida hamjihatlik bilan yirik sarmoyaviy va infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda.

Hududlararo savdoni rag'batlantirish maqsadida MDH davlatlarida 130 dan ortiq maxsus iqtisodiy zonalar faoliyat ko'rsatmoqda, chegaraviy savdo zonalari ham tashkil etilmoqda.

MDH doirasidagi sheriklik davrida ishtirokchi davlatlar mintaqalararo ahamiyatga ega 6 mingga yaqin ikki tomonlama hujjatlarni imzoladilar.

Ma'ruzachi O'zbekiston iqtisodiyotdagi chuqur o'zgarishlar jarayonlarini davom ettirish, qulay sarmoyaviy va ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, sanoat tarmoqlarida yuqori qo'shimcha qiymat yaratish, hamkor davlatlar bilan tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga qat'iy intilishini ta'kidladi.

Jahon savdosidagi global jarayonlarni hisobga olgan holda, Hamdo'stlik mamlakatlarida savdo munosabatlarini rag'batlantirish bo'yicha qator chora-tadbirlar, jumladan, MDH doirasida Erkin savdo hududi to'g'risidagi Bitimning salohiyatidan to'liq foydalanish, tovarlar va xizmatlar harakati yo'lidagi mavjud to'siqlarni bartaraf etish, savdo tartib-qoidalari va yuk tashishni raqamlashtirish, mintaqaviy hamkorlik loyihalarini faol jalb etish orqali kengaytirish taklif etildi.

Forumda, shuningdek, Belarus Bosh vazirining o'rinbosari Yuriy Shuleyko, Rossiya Hukumati raisi o'rinbosari Aleksey Overchuk, Tojikiston Bosh vazirining birinchi o'rinbosari Hokim Xoliqzoda, Qozog'iston savdo va integratsiya vaziri o'rinbosari Janel Kushukova, Qirg'iziston iqtisodiyot va savdo vazirining birinchi o'rinbosari Choro Seyitov va Hamdo'stlik mamlakatlari hududlari rahbarlari ishtirok etdi.

Ishbilarmonlik dasturiga ko'ra, "B2B" formatida muzokaralar va uchrashuvlar tashkil etildi. Unda ishtirokchilar ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish bo'yicha aniq yo'nalishlar va istiqbolli tashabbuslarni muhokama qildilar hamda biznes kitoblariga yangi aloqalarni qo'shish imkoniga ega bo'ldilar.

Forum yakunlari bo'yicha do'stona munosabatlarni o'rnatish, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yo'lga qo'yishga oid 10 dan ortiq hujjat, Hamdo'stlikka a'zo mamlakatlar hududlari o'rtasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish bo'yicha "Yo'l xaritalari" imzolandi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish