Logo

“Hello Magyar”: 2025-yilda O‘zbekiston iqtisodiyotiga 43,1 milliard dollar investitsiya jalb qilindi

Yanvar 06, 2026. 18:42 • 2 daq

647
“Hello Magyar”: 2025-yilda O‘zbekiston iqtisodiyotiga 43,1 milliard dollar investitsiya jalb qilindi

BUDAPESHT, 9-yanvar. /“Dunyo” AA/. Vengriyaning “Hello Magyar” nashrida O‘zbekiston Prezidentining parlament va xalqqa yo‘llagan Murojaatnomasiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Materialda taʼkidlanishicha, O‘zbekiston yetakchisi Murojaatnomada asosiy eʼtiborni mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, aholi farovonligini oshirish va milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini kuchaytirish masalalariga qaratgan. O‘zbekiston rahbari aynan iqtisodiyot, rivojlanish barqarorligi va o‘sish sifati mamlakatning ham ichki, ham tashqi imkoniyatlarini belgilab berishini aniq taʼkidladi.

Maqola muallifining so‘zlariga ko‘ra, murakkab va parchalangan tashqi muhitga qaramay, O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘sish surʼatlarini namoyon etmoqda. 2025-yilda mamlakat tarixida ilk bor YIM hajmi 145 milliard AQSh dollaridan oshdi, holbuki, bor-yo‘g‘i to‘qqiz yil avval 100 milliard dollarlik marraga erishish juda yuqori ko‘rsatkich sifatida qabul qilingan edi.

Global taʼminot zanjirlaridagi uzilishlarga qaramasdan, eksport 23 foizga oshib, 33,4 milliard dollarga yetdi. 2025-yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish 85 milliard kilovatt-soatni tashkil etdi, oltin-valyuta zaxiralari esa 60 milliard dollardan oshdi. Mamlakat iqtisodiyotiga 43,1 milliard dollar investitsiya jalb qilindi.

O‘zbekiston Prezidenti belgilab bergan yana bir strategik ustuvor yo‘nalish — ichki talabni rag‘batlantirishdir. Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, ichki bozorni rivojlantirish barqaror o‘sishning asosiy manbai sifatida qaralmoqda. Bu aholi daromadlarini oshirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda moliyaviy instrumentlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni o‘z ichiga oladi.

Murojaatnomada kasblarni rivojlantirish va mehnat bozorining yangi arxitekturasini shakllantirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Prezident kasbiy taʼlim tizimini modernizatsiya qilish, yangi kompetensiyalarni rivojlantirish va zamonaviy iqtisodiyot talablariga javob beradigan moslashuvchan, adaptiv mehnat bozorini shakllantirish vazifalarini belgilab berdi.

Shu bilan birga, ekologik muvozanatni taʼminlash, “yashil” energetikani rivojlantirish va suv resurslaridan oqilona foydalanish muhim yo‘nalish sifatida belgilandi. Barqaror rivojlanishga o‘tish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, energiya va suv samaradorligini oshirish hamda iqlim o‘zgarishiga moslashish strategik vazifalar sifatida ko‘rilmoqda. Ekologiya va “yashil” energetika bugun milliy xavfsizlik va barqaror rivojlanish omili hisoblanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish