Logo

O'zbekiston va Shvetsiya migratsiya sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirishga doir masalalarni muhokama qilmoqda

Oktabr 10, 2025. 20:28 • 2 daq

277
O'zbekiston va Shvetsiya migratsiya sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirishga doir masalalarni muhokama qilmoqda

STOKGOLM, 10-oktabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston delegatsiyasi 5-7 oktabr kunlari amaliy tashrif bilan Shvetsiyada bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrif davomida Stokgolm shahrida Shvetsiya migratsiya vaziri Yoxan Forssel, Savdo va taraqqiyot vaziri Benyamin Dous, parlament raisi o'rinbosari Yuliya Kronlid, Migratsiya agentligi va politsiya rahbariyati hamda Shvetsiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashuvlar bo'lib o'tdi.

Muzokaralar chog'ida migratsiya sohasidagi o'zaro hamkorlikni yana-da rivojlantirishga doir keng ko'lamli masalalar atroflicha muhokama qilindi. O'zbekistondan Shvetsiyaga qonuniy migratsiyani yo'lga qo'yish, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish, hamkorlikning huquqiy va tashkiliy mexanizmlarini takomillashtirish, ikki mamlakat fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini ta'minlash masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Parlament va politsiya vakillari bilan uchrashuvda idoralararo hamkorlikni mustahkamlash, migratsiya sohasidagi qonunchilik bazasini takomillashtirish, migratsiya jarayonlarini politsiya nazorati bo'yicha tajriba almashish, transmilliy va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlikni kengaytirishga alohida e'tibor qaratildi.

Tomonlar hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qo'shma mexanizmlarni ishlab chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar va ikki mamlakat vakolatli organlari o'rtasida tizimli va uzoq muddatli asosda amaliy hamkorlikni kuchaytirish muhimligini ta'kidladilar.

Tashrif davomida Shvetsiyada istiqomat qilayotgan O'zbekiston fuqarolari, jumladan, talabalar, o'qituvchilar va tadbirkorlar ishtirokida davra suhbati ham bo'lib o'tdi.

Yurtdoshlar bilan qonuniy migratsiyani rivojlantirish, noqonuniy migratsiyaning oldini olish, to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlarni tashkil etish, Shvetsiya oliy o'quv yurtlarida amaliyot o'tash imkoniyatlarini kengaytirish, keyinchalik bitiruvchilarni Shvetsiyada ham, o'z vatanlarida ham ishga joylashtirishga oid masalalar muhokama qilindi.

Konsullik xizmatlarini takomillashtirish va O'zbekiston fuqarolarining qabul qiluvchi davlatdagi huquqlarini himoya qilish masalalari ham muhokama qilindi. Davra suhbati doirasida madaniy tadbirlar ham o'tkazildi.

 

 

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish