Logo

2025-yil 1-iyundan e'tiboran O'zbekiston va Xitoy o'rtasida o'zaro vizadan ozod qilish to'g'risidagi bitim kuchga kiradi

May 13, 2025. 17:42 • 2 daq

1330
2025-yil 1-iyundan e'tiboran O'zbekiston va Xitoy o'rtasida o'zaro vizadan ozod qilish to'g'risidagi bitim kuchga kiradi

TOSHKENT, 13-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston va Xitoy o'rtasida o'zaro vizadan ozod qilish to'g'risidagi hukumatlararo Bitim (Chendu, 2024-yil 1-dekabr) kuchga kirishi uchun davlat ichki protseduralari yakunlandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

TIV ma'lumotiga ko'ra, ko'rsatilgan xalqaro shartnomaning qoidalariga binoan, bitim 2025-yil 1-iyundan e'tiboran kuchga kiradi.


Bitim O'zbekiston va Xitoy fuqarolarining ikki davlat hududiga o'zaro vizasiz safarlariga doir masalalarni tartibga soladi.


Hujjatga muvofiq, tomonlar davlatlari fuqarolari ikki davlat hududlariga kirish, undan chiqish yoki tranzit qilish uchun har bir alohida bo'lish muddati 30 kundan oshmaydigan muddatda va har qanday 180 kunlik davr ichida jami 90 kundan ortiq bo'lmagan muddatda viza talablaridan ozod qilinadi.


Bunda tomonlarning davlatlari hududiga har bir kirish va bo'lish muddati 30 kundan oshmasligi lozim.


Agar fuqarolar 30 kundan ortiq qolishlari kerak bo'lsa, ular kirish vizasini oldindan olishlari lozim.


Vizasiz rejim mehnat faoliyati, o'qish va media faoliyati bilan shug'ullanish, shuningdek, boshqa Tomon vakolatli organlarining oldindan roziligini talab qiladigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug'ullanishga nisbatan tatbiq etilmaydi.


Ushbu bitim Xitoyning Gongkong va Makao maxsus ma'muriy hududlariga tashrif buyurishga nisbatan amal qilmaydi.


Ko'rsatib o'tilgan xalqaro shartnomaning to'liq matni bilan www.lex.uz saytida tanishish mumkin.


Eslatib o'tamiz, 2024-yil 1-dekabr kuni Chendu shahrida bo'lib o'tgan muzokaralar yakunlari bo'yicha O'zbekiston va Xitoy tashqi ishlar vazirlari Baxtiyor Saidov va Van I o'zaro viza talablaridan ozod qilish to'g'risida hukumatlararo bitimni imzolagan edilar.

"Dunyo" AA arxividan olingan surat

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish