O'zbekiston Ozarbayjon va Armaniston o'rtasidagi tinchlik muzokaralarida muhim natijaga erishilganini olqishlaydi
Avgust 09, 2025. 19:30 • 41 soniya
• 68
TOSHKENT, 9-avgust. /"Dunyo" AA/. Bugun O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Ozarbayjon va Armaniston o'rtasidagi tinchlik muzokaralarida muhim natijaga erishilgani munosabati bilan rasmiy bayonot berdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"O'zbekiston Respublikasi Ozarbayjon Respublikasi va Armaniston Respublikasi o'rtasidagi tinchlik muzokaralarida muhim natijaga erishilganini olqishlaydi, – deyiladi hujjatda. – Kuni kecha Vashingtonda tarixiy Qo'shma deklaratsiyaning imzolanishiga Ozarbayjon Respublikasi va Armaniston Respublikasi yetakchilarining kuchli siyosiy irodasi va qat'iyati, shuningdek, Amerika Qo'shma Shtatlari Prezidentining faol tinchlikparvar sa'y-harakatlari tufayli erishildi, deb hisoblaymiz.
Barcha tomonlarning ko'p yillik mojaroni bartaraf etishga qaratilgan sa'y-harakatlarini yuqori baholaymiz. Ishonchimiz komilki, Janubiy Kavkazda uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikning imkon qadar tezroq o'rnatilishi keng mintaqamizdagi barcha xalqlar manfaati uchun yirik transport va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishga zamin yaratadi".
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi