Logo

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligining ikki nafar xodimi "Turizm fidoyisi" ko'krak nishoni bilan taqdirlandi

Sentabr 26, 2024. 17:46 • 2 daq

150
O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligining ikki nafar xodimi "Turizm fidoyisi" ko'krak nishoni bilan taqdirlandi

TOSHKENT, 26-sentabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo'mitasi tomonidan Butunjahon turizm kuniga bag'ishlangan tadbir o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 Anjumanda turizm faxriylari, mehmonlar, vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.


O'zbekiston ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov tadbirning ochilish qismidagi nutqida so'nggi yillarda mamlakatimizda turizm sohasini jadal rivojlantirish bo'yicha davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan qator farmon va qarorlar imzolanganini, ushbu muhim yo'nalish iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biri sifatida belgilanganligini ma'lum qildi.


Ta'kidlash kerakki, Tashqi ishlar vazirligi va O'zbekistonning chet ellardagi barcha diplomatik vakolatxonalari tomonidan Turizm qo'mitasi bilan hamkorlikda yurtimizga turistlar oqimini ko'paytirish va soha rivojiga ilg'or xorijiy tajribani jalb qilish bo'yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.


Jumladan, 2024-yil boshidan buyon mamlakatimiz elchixonalarining bevosita yordamida respublika turizm salohiyatini targ'ib qilish bo'yicha 300 dan ziyod tadbir o'tkazildi, 100 ga yaqin infoturlar tashkil etildi va chet el ommaviy axborot vositalarida turkum maqolalar chop etildi.


Elchixonalarimiz ko'magida chet davlatlarda "O'zbekiston madaniyati kunlari" o'tkazilmoqda, istiqbolli yo'nalishlarga yangi aviaqatnovlar yo'lga qo'yilyapti va turizmning tibbiyot, ziyorat, sport va gastronomiya kabi jozibador yo'nalishlariga alohida e'tibor berilmoqda.


Tadbir doirasida "Turizm fidoyisi" ko'krak nishonini topshirish marosimi bo'lib o'tdi. E'tiborlisi, Tashqi ishlar vazirligi mas'ul xodimlari – Ijro apparati Iqtisodiyot va turizm masalalarini muvofiqlashtirish bo'limi boshlig'i Ravshanbek Duschanov va MDH mamlakatlari bilan ikki va ko'p tomonlama hamkorlik boshqarmasi bo'limi boshlig'i Shoxrux Sadikov "Turizm fidoyisi" ko'krak nishoni bilan taqdirlandi.


27-sentabr – Butunjahon turizm kuni. Ushbu sana 1980-yildan buyon nishonlan kelinadi. Uning maqsadi turizmni targ'ib qilish, sohaning jahon iqtisodiyotiga qo'shayotgan hissasini keng yoritish va turli mamlakatlar xalqlari o'rtasidagi aloqalarni yana-da mustahkamlashdan iborat.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish