Lolva bint Rashid Al Xater: Samarqand asrlar davomida jahon xalqlari madaniyati uchrashgan, bilim va tajriba almashilgan markaz bo'lib kelgan
Noyabr 12, 2025. 12:44 • 2 daq
• 62
DOHA, 12-noyabr. /"Dunyo" AA/. Samarqand shahrida o'tkazilayotgan YUNESKOning 43-Bosh konferensiyasida Qatarning Ta'lim va oliy ta'lim vaziri Lolva bint Rashid Al Xater boshchiligidagi delegatsiya ham qatnashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Al-Xater xonim konferensiyadagi ishtiroki haqida so'zlar ekan, avvalo, O'zbekiston hukumati va xalqiga samimiy mehmondo'stlik uchun minnatdorlik bildirib, Samarqand shahrining 2025-yil Islom dunyosi madaniyat poytaxti sifatida tanlanganini olqishladi.
Vazirning ta'kidlashicha, ta'lim, fan va madaniyat orqali tinchlikni mustahkamlash, milliy urf-odat va qadriyatlarni saqlashda YUNESKOning o'rni beqiyos. Shu ma'noda bunday keng ko'lamli forumning O'zbekistonda o'tkazilishi mamlakatning jahon merosini saqlash va targ'ib qilishga qo'shgan hissasi tobora ortib borayotganidan dalolat ekanini e'tirof etgan.
Lolva bint Rashid Al Xater fikr-mulohazalarida nafaqat YUNESKO konferensiyasi haqida, balki Samarqand shahrining tarixiy maskanlariga tashrifi va sayohati davomida olgan taassurotlari haqida ham alohida to'xtalib o'tgan. Bu haqda u o'zining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida quyidagicha fikr bildirgan:
"O'zbekistonning Samarqand shahriga tashrifim chog'ida men go'yo muayyan bir davr emas, balki tarix bilan chambarchas bog'langan, sivilizatsiyalarni tutashtiruvchi maskanga tushib qolgandek his etdim o'zimni. Miloddan avvalgi davrlarda qadimiy Afrosiyob nomi bilan asos solingan Samarqand asrlar davomida jahon xalqlari madaniyati uchrashgan, bilim va tajriba almashilgan markaz bo'lib kelgan.
Temuriylar davrida Samarqand o'z taraqqiyotining eng yuksak cho'qqisiga yetdi. Shu davrda Registon madrasalari, Bibixonim masjidi va Ulug'bek rasadxonasi kabi islom olamining eng yirik ilm-fan va astronomiya markazlari bunyod etildi.
O'zbekiston haqida so'z yuritar ekanman, uning buyuk ilmiy va diniy merosini eslamaslikning iloji yo'q. Bu zamin – Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Ibn Sino va al-Xorazmiy kabi buyuk allomalar yurti bo'lib, ular o'z ilm va zakovati bilan insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qo'shgan, tafakkur va ma'rifat tarixida o'chmas iz qoldirgan zotlardir", – deya o'z taassurotlarini bayon etgan Al Xater xonim.
Tashrif davomida qatarlik mehmonlarning O'zbekiston zamini haqida tasvirga olgan rang-barang videoroliklari ko'plab kuzatuvchilar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi.
Qatar vazirining O'zbekistonga tashrifi ikki mamlakat o'rtasida do'stona aloqalar, o'zaro hurmat va madaniy yaqinlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qildi. Bu tashrif, Qatar va O'zbekiston o'rtasidagi ilmiy, ma'rifiy hamda madaniy sohalarda hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yo'lida muhim qadamlardan biri bo'ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o'z ishini rasman yakunladi
"Nabd al Hadath": YUNESKOning 43-sessiyasi dunyo hamjamiyati e'tiboriga tushmoqda