"India Blooms": O'zbekiston va YUNESKO o'rtasidagi ko'p qirrali hamkorlik yo'lga qo'yilmoqda
Noyabr 09, 2025. 09:17 • 3 daq
• 90
DEHLI, 9-noyabr. /"Dunyo" AA/. Hindistonning "India Blooms" axborot portalida O'zbekiston oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo'ng'irotboy Sharipovning O'zbekiston va YUNESKO hamkorligiga bag'ishlangan maqolasi e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muallif O'zbekistonning YUNESKO bilan hamkorligini keng qamrovda tahlil qilib, ushbu sheriklik aloqalari milliy ta'lim tizimi, ilmiy salohiyat va boy madaniy merosni jahon intellektual makoniga integratsiya qilishda asosiy element bo'layotganini ta'kidlagan.
Maqolada O'zbekiston 1993-yilda YUNESKOga a'zo bo'lganidan va 1996-yilda ushbu nufuzli xalqaro tashkilotning Toshkentdagi vakolatxonasi ochilganidan buyon ta'lim va fan sohalaridagi xalqaro norma va tamoyillarga qat'iy amal qilib kelayotgani ta'kidlangan.
Hamkorlikning eng dolzarb yo'nalishlaridan biri – bu O'zbekiston tomonidan YUNESKOning Oliy ta'lim sohasida malakalarni tan olish to'g'risidagi global konvensiyasiga qo'shilish bo'yicha olib borilayotgan amaliy sa'y-harakatlardir. Ushbu tashabbus diplom va malakalarning o'zaro tan olinishini ta'minlashga qaratilgan bo'lib, akademik va ilmiy mobillikni sezilarli darajada kengaytiradi.
Vazirning so'zlariga ko'ra, bu O'zbekiston oliy ta'lim tizimini jahon miqyosida yanada ochiq va raqobatbardosh qiladi, shuningdek, mamlakatimiz oliy o'quv yurtlari bitiruvchilarining xorijda ishga joylashish imkoniyatlarini yaxshilaydi.
O'zaro hamkorlikning yana bir muhim jihati O'zbekiston oliy ta'lim muassasalarida faoliyati yo'lga qo'yilgan to'qqizta YUNESKO kafedrasidir. UNITWIN dasturi doirasida tashkil etilgan mazkur kafedralar ta'lim, fan va barqaror rivojlanish sohalarida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Ushbu tuzilmalar universitetlarning o'zlari tomonidan moliyalashtirilayotgani oliy ta'lim muassasalarining akademik nufuzni oshirishga intilishi va xalqaro ilmiy hamjamiyatda faol ishtirok etishga tayyorligidan dalolat beradi. Maqolada Urganch davlat universitetidagi "Barqaror rivojlanish ta'limi" YUNESKO kafedrasi muvaffaqiyatli misol sifatida keltirilgan.
Yirik qo'shma loyihalardan biri – bu 2020–2026-yillarga mo'ljallangan, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan va YUNESKOning Toshkentdagi vakolatxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan "O'zbekiston qishloq joylarida ishga joylashtirish ko'nikmalarini rivojlantirish" loyihasidir.
Byudjeti 9,6 mln yevro bo'lgan mazkur loyiha qishloq xo'jaligi ta'limini modernizatsiya qilish va intensiv bog'dorchilik, issiqxona xo'jaligi va suvni tejaydigan texnologiyalar kabi talab yuqori bo'lgan yo'nalishlarda mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan.
Uning doirasida O'zbekistonning Milliy professional ta'lim strategiyasi ishlab chiqilmoqda hamda qishloq va suv xo'jaligi sohalari bo'yicha yangi kasbiy standartlar va ta'lim dasturlari yaratilmoqda. Shu bilan birga, pilot ta'lim muassasalarini zamonaviy o'quv jihozlari bilan ta'minlash, laboratoriyalar tashkil etish va ta'lim muhitini tubdan yangilash ishlari amalga oshirilmoqda.
Maqola muallifi fan va innovatsiyalarga qiziqish ortib borayotganini ta'kidlaydi hamda buning yorqin namunasi sifatida har yili o'tkazilayotgan "InnoWeek.Uz" xalqaro innovatsion g'oyalar haftaligini keltirgan. 2024-yilda YUNESKO shafeligida tashkil etilgan "Tinchlik va barqaror kelajak yo'lida fan va innovatsiyalar" forumida yosh olimlar, tadqiqotchilar va mutaxassislar tinchlik va barqaror kelajak uchun fan va innovatsiyaning o'rni haqida fikr almashdi.
Qo'ng'irotboy Sharipov ushbu tashabbuslarning barchasi O'zbekistonning ma'rifat va ilm-fan orqali taraqqiyot va barqaror kelajakka erishishdek yagona maqsadini aks ettirishini ta'kidlagan. Bu esa YUNESKOning "Tinchlikni ta'lim, fan va madaniyat orqali mustahkamlash" olijanob shioriga to'liq mos keladi, deb xulosa qilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o'z ishini rasman yakunladi
"Nabd al Hadath": YUNESKOning 43-sessiyasi dunyo hamjamiyati e'tiboriga tushmoqda