Logo

"News Network Pakistan": Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi investitsion va sanoat hamkorligi uchun yangi imkoniyat yaratmoqda

Noyabr 18, 2025. 21:23 • 3 daq

201
"News Network Pakistan": Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi investitsion va sanoat hamkorligi uchun yangi imkoniyat yaratmoqda

ISLOMOBOD, 18-noyabr. /"Dunyo" AA/. Pokistonning ommabop "News Network Pakistan" elektron nashrida "Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi: investitsion va sanoat hamkorligi uchun yangi imkoniyatlar" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari bosqichma-bosqich mintaqa iqtisodiyotini rivojlantirish bo'yicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqishning asosiy mexanizmiga aylanmoqda, – deyilgan maqola avvalida. – O'zbekiston savdo, sanoat kooperatsiyasi va barqaror transport-logistika zanjirlarini rivojlantirishga qaratilgan integratsion jarayonlarning faol tashabbuskori sifatida ishtirok etmoqda. Bugungi kunda mintaqa siyosiy dialogdan sarmoya, innovatsiya va sanoatlashtirishga asoslangan amaliy hamkorlik bosqichiga o'tmoqda".

Mintaqa mamlakatlari o'rtasidagi huquqiy baza asosan erkin savdo, o'zaro investitsiyalarni himoya qilish va ikki martalik soliqqa tortishni oldini olish to'g'risidagi hukumatlararo bitimlarga asoslanadi. Ushbu hujjatlar tadbirkorlik faoliyati uchun qulay sharoitlar, qo'shma ishlab chiqarishlarni rivojlantirish va savdodagi to'siqlarni bartaraf etishni ta'minlaydi. Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tuzilgan hukumatlararo komissiyalar aniq yechimlar ishlab chiqishning samarali maydonlariga aylangan bo'lsa, bosh vazirlar va tegishli vazirlarning muntazam yig'ilishlari yangi loyihalar ishga tushirilishiga hamda sanoat kooperatsiyasining modernizatsiyasiga xizmat qilmoqda.

Qayd etilishicha, Qozog'iston O'zbekistonning Markaziy Osiyodagi yetakchi hamkori bo'lib qolmoqda. 2025-yil yanvar – sentyabr oylarida ikki davlat o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 3,48 milliard AQSh dollariga yetdi (+15,5%). Eksport 1,06 milliard, import esa 2,42 milliard dollarni tashkil etdi. Savdo aloqalarida erkin savdo rejimi amal qiladi, bu esa tovar va xizmatlar harakatining faolligini ta'minlaydi.

Maqolada so'nggi yillarda O'zbekiston va Qirg'iziston o'rtasidagi munosabatlar strategik hamkorlik darajasiga chiqqani e'tirof etilgan. O'zbekistonning Qirg'izistonga eksporti to'qimachilik va

oziq-ovqat mahsulotlari, elektr texnikasi, qurilish materiallari hamda mashina va uskunalarni o'z ichiga oladi.

Pokiston elektron nashrining yozishicha, Tojikiston O'zbekistonning muhim iqtisodiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. Davlatlar o'rtasida erkin savdo to'g'risidagi bitim amal qiladi,

savdo-iqtisodiy hamkorlik bo'yicha hukumatlararo komissiya esa sanoat va infratuzilma sohalaridagi loyihalarni muvofiqlashtirmoqda. 2025-yil yanvar – sentyabr oylarida tovar ayirboshlash hajmi 571,3 million dollarga yetdi (+17,6%). Eksport 406,3 million, import esa 165 million dollarni tashkil etdi.

Nashrda O'zbekiston Turkmaniston bilan iqtisodiy hamkorlik barqaror rivojlanayotgani, sanoat, energetika va logistika sohalarida aloqalar kengayayotganiga e'tibor qaratilgan.

Markaziy Osiyo rahbarlarining Maslahat uchrashuvi doirasida bu tendensiyalar alohida ahamiyat kasb etadi. Asosiy e'tibor – barqaror o'sishni ta'minlash, "yashil" loyihalarni amalga oshirish va mintaqaning texnologik modernizatsiyasini rivojlantirishga qaratilgan. Sanoat va investitsiya sohasidagi hamkorlik mintaqaning mustaqilligi va raqobatbardoshligini mustahkamlashning muhim vositasiga aylanmoqda.

"Markaziy Osiyo davlatlarining o'zaro ishonch va pragmatizm asosidagi birlashuvi butun mintaqa uchun mustahkam iqtisodiy poydevor yaratmoqda. O'zbekiston esa qo'shma taraqqiyot g'oyasini ilgari suruvchi sifatida Markaziy Osiyoning yangi sanoat davrining tabiiy integratsiya markaziga aylanmoqda", – deya urg'ulangan "News Network Pakistan" maqolasida.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish