Logo

GTAI: O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to'g'risidagi bitim hamkorligining huquqiy bazasini yangilab, sezilarli darajada kengaytiradi

Noyabr 08, 2025. 14:01 • 2 daq

35
GTAI: O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to'g'risidagi bitim hamkorligining huquqiy bazasini yangilab, sezilarli darajada kengaytiradi

BERLIN, 8-noyabr. /"Dunyo" AA/. Germaniyaning tashqi savdo va investitsiyalar agentligi (GTAI) interent saytida O'zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o'rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to'g'risidagi bitim imzolangani haqida maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mazkur maqolada ushbu hujjat 2025-yil 24-oktyabrda Bryusselda imzolangani, 1996-yilgi Sheriklik va hamkorlik to'g'risidagi bitimga asoslangani, u O'zbekiston – Yevropa hamkorligining huquqiy bazasini yangilaydigan hamda sezilarli darajada kengaytiradigan bitim ekanligi haqida yoziladi.

GTAIning yozishicha, yangi bitim loyihasi bo'yicha muzokaralar 2019-yil fevral oyida boshlanib, 2022-yil iyul oyida yakunlangan. Yangi hujjat 9 bo'lim, 356 modda va 14 ilovadan iborat bo'lib, ikki tomonlama munosabatlarning deyarli barcha yo'nalishlarini qamrab oladi.

Hujjat siyosiy muloqotni kuchaytirish hamda barcha sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish uchun keng qamrovli huquqiy asos yaratadi. Ayniqsa, savdo va investitsiyalar, barqaror rivojlanish, fan va ta'lim, innovatsiya va yuqori texnologiyalar, atrof-muhit va iqlim o'zgarishi va boshqa bir qator muhim yo'nalishlarda hamkorlik kengayishiga xizmat qiladi, deb yozadi nemis nashri.

Shuningdek, bitim "yashil" energiya va raqamli transformatsiya uchun zarur bo'lgan muhim xomashyo kabi yangi sohalarda hamkorlikka keng yo'l ochadi va mintaqaviy transport yo'nalishini qo'llab-quvvatlaydi. Xususan, bunda "Global darvoza" tashabbusi va Transkaspiy transport yo'lagi doirasida mintaqaviy aloqalarni rivojlantirishni rag'batlantirishni ko'zda tutilgan.

Nashrning qayd etishicha, savdo va bozorga kirish sohasida bitim asosan O'zbekistonning tovarlar importi va eksportiga maksimal tariflar bo'yicha majburiyatlarini va xizmatlarga nisbatan imtiyozlarini qamrab oladi. Ushbu majburiyatlar va imtiyozlar O'zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a'zo bo'lishi to'g'risidagi bo'lg'usi protokolga kiritiladi.

"O'zbekiston mazkur bitim orqali 2026-yilda bo'lib o'tadigan 14-JST vazirlar konferensiyasida ushbu tashkilotga a'zo bo'lish uchun olib borayotgan muzokaralari jarayonidagi sur'atni saqlab qolish borasidagi qat'iy niyatini yana bir bor tasdiqladi", – deya xulosa qiladi manba.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish